2021 yilda 853 ta ob’yekt qurilishi uchun 2 trillion 230 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi

Shu yil viloyatimizda 853 ta ob’yektda qurilish, joriy va mukammal ta’mirlash ishlari o‘tkaziladi. Buning uchun jami 2 trillion 230 milliard so‘m mablag‘ rejalashtirilgan. Solishtirish uchun 2020 yilda 155 ta ob’yekt qurilishi uchun 861,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Investitsiya dasturi asosida 104 ob’yektga 624,8 milliard so‘m, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturiga asosan 112 ob’yektga 228,4 milliard so‘m, Samarqand shahrida turizmni yaxshilash uchun 37 ob’yektga 774,7 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Hududlardagi 70 ta ijtimoiy soha muassasalarini ta’mirlashga 210 milliard so‘m va ichki yo‘llar, ichimlik suvini yaxshilash uchun 50 ob’yektga 392,7 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Bu ma’lumotlar viloyat Matbuot uyida viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yunus Bobonazarov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytildi.

Jumladan, ijtimoiy soha infratuzilmasini yaxshilash doirasida 443,3 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 95 ta qishloq va mahallada 47 ta bog‘cha, 104 ta maktab, 34 ta tibbiyot muassasasi quriladi va ta’mirlanadi.

- Joriy yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida jami 32 ta, shundan 28 ta qishloq va 4 ta mahalla obodonlashtiriladi, - deydi Yu.Bobonazarov. – Buning uchun 298,5 milliard mablag‘ ajratiladi. Shundan respublika va mahalliy byudjetdan 114,2 milliard so‘mdan, tarmoq korxonalari hisobidan 12,6, aholi va tadbirkorlardan 40,7, homiylik mablag‘lari hisobidan 4,7 milliard so‘m, kreditlar hisobidan 12,1 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan. Natijada123,4 ming aholiga ta’lim va tibbiyot xizmatlari ko‘rsatish yaxshilanadi. 78 ta ijtimoiy soha ob’yektlarini rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash uchun 129,7 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

O‘ktam Xudoyberdiyev.