2021 yilda tadbirkorlar uchun qanday yengilliklar berildi?

Prezidentimizning joriy yil 3 fevraldagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bilan koronavirus pandemiyasi sharoitida tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash choralarini davom ettirish maqsadida bir qator imtiyoz va yengilliklar 2021 yilning 31 dekabriga qadar uzaytirildi.

Turizm, transport va umumiy ovqatlanish sohalarida faoliyat yuritayotgan sub’yektlarning yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha 2021 yil 1 yanvar holatiga qarzdorligi to‘lanishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi PF-5969-son farmonida nazarda tutilgan vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha 2020 yil 31 dekabr holatiga ko‘ra mavjud qarziga penya hisoblanishini to‘xtatish va soliq qarzini majburiy undirishga qaratish choralarini ko‘rmaslik talabi, koronavirus pandemiyasi davrida Prezident tomonidan tadbirkorlik sub’yektlariga 2020 yil 31 dekabr holatiga qoldiqda turgan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i bo‘yicha berilgan foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) summasi, “xufiyona iqtisodiyot” ulushini qisqartirish uchun soliq auditi o‘tkazishda “tahlika-tahlil” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilgan holda soliqlarni va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan kichik tadbirkorlik sub’yektlarida soliq auditi o‘tkazilishiga moratoriy shular jumlasidandir.

Mazkur farmon bilan joriy yilning 1 iyulidan boshlab “hamshiralik ishi” bilan mustaqil ravishda shug‘ullanish uchun o‘rta tibbiyot mutaxassislariga o‘zini o‘zi band qilishga ruxsat berilishi belgilandi. Shuningdek, 1 iyundan ishlovchi fuqarolar ishlamaydigan turmush o‘rtoqlarining kelgusida pensiya ta’minotiga ega bo‘lishi uchun har oyda o‘z daromadlaridan ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘lashi mumkin.

Davlat soliq xizmatida “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida fermer xo‘jaliklarining daromad va xarajatlarini avtomatik shakllantirish va soliq organlariga yuborish imkonini beruvchi elektron tizimni 2021 yil 1 iyulga qadar amaliyotga joriy etish choralari ko‘rilishi belgilandi. Bundan tashqari, davlat soliq xizmatining faoliyatini “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida tashkil etish doirasida oldingi yil uchun daromadlari yillik moliyaviy hisobot ma’lumotlariga ko‘ra kamida 5 milliard so‘mni tashkil etgan, yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlari va fermer xo‘jaliklari soliq monitoringida ishtirok etish huquqi berildi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.