“2022 Asian Triathlon Cup Samarkand” xalqaro musobaqasi hamda O‘zbekiston chempionatida 78 nafar volontyor tarjimonlik qiladi

8-9 oktyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan “2022 Asian Triathlon Cup Samarkand” xalqaro musobaqasi hamda O‘zbekiston chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari qizg‘in davom etyapti.

Vazirlar Mahkamasining “Samarqand shahrida triatlon bo‘yicha “2022 Asian Triathlon Cup Samarkand” xalqaro musobaqasi hamda O‘zbekiston chempionatini o‘tkazish to‘g‘risida”gi bayoniga asosan jarayon Samarqand shahrida joylashgan eshkak eshish kanali hududida o‘tkazilishi belgilangan.

Ushbu xalqaro musobaqa hamda O‘zbekiston chempionatida Samarqand davlat chet tillar instituti tomonidan ko‘ngilli (volontyor) tarjimonlar sifatida 78 nafar talaba jalb etilishi ko‘zda tutilgan. Ularning 70 nafari ingliz tili, 4 nafari rus tili, 3 nafari xitoy tili va 1 nafari yapon tilida tarjimonlik xizmatini ko‘rsatadi.

Joriy yilning 3 oktyabr kunidan buyon Samarqand xalqaro aeroporti orqali sportchilarni kutib olinmoqda va mehmonxonalarga joylashtirilmoqda. Kecha, 6 oktyabr kuni tarjimon volontyorlar uchun brifing o‘tkazilib, ularga zarur tushuncha va ko‘rsatmalar berildi.

SamDChTI axborot xizmati.