2022 yilda 7,1 trillion so‘mlik 772 ta loyiha amalga oshiriladi

Viloyatning o‘sish nuqtalari, ya’ni drayverlarini aniqlab faol investitsiya siyosatini yuritish maqsadida 2022 yil uchun ham aniq maqsadga qaratilgan rejalar belgilab olingan.
Bu haqda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining ellik to‘rtinchi sessiyasida viloyat hokimining o‘rinbosari Oybek Xodjayev aytib o‘tdi.

"Jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va davlat kafolati ostida bo‘lmagan xorijiy kredit mablag‘lari ishtirokidagi jami 49 ta loyiha amalga oshirilishi hisobiga 356,4 million dollar (shundan, 244,6 million dollari xorijiy) investitsiya o‘zlashtirilishi va 9 850 ta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, hududiy investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 7,1 trillion so‘m bo‘lgan jami 772 ta sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligida 214 ta loyihani amalga oshirish hamda jami 14 354 ta ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan. Viloyatning eksport salohiyatini oshirish maqsadida 2022 yil uchun 576,4 million dollarlik mahsulot eksportga chiqariladi.

"Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari"da yoshlarga investitsiya loyihalarini shakllantirishda ko‘maklashish, "startap”, shu jumladan axborot texnologiyalari loyihalariga investitsiyalarni jalb qilish choralari ko‘riladi.

Bundan tashqari, viloyatning salohiyatidan, madaniy meros va tarixidan kelib chiqib turizm sohasi va infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish va amalga oshirish ta’minlanadi", dedi O.Xodjayev.