2022 yilda Paxtachida 15 milliard so‘mlik 21 ta chorvachilik loyihasi ishga tushdi
Yevropada bir bosh zotdor qoramoldan kuniga 35-40 litrgacha sut olinadi. Bizda esa mahalliy zotdagi qoramolning uchtasi shunday mahsuldorlik qayd etadi. Bu albatta chorvaning zoti va oziq-ovqat ratsioniga bog‘liq. Xo‘sh, o‘zimizda ham shunday natijaga erishish mumkinmi?
Chorvachilikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar, xorijdan keltirilayotgan chorva mollari hisobiga chorva naslini yaxshilash aynan shu maqsadga qaratilgan.
Masalan, Paxtachi tumanining hududiy joylashuvi, tabiiy iqlim sharoitidan kelib chiqib paxta yetishtirish, chorvachilik xo‘jaliklari tashkil etish juda qulay. Shu bois, hozir tumanda 42 ta qoramolchilik, 33 ta qo‘ychilik, 38 ta parrandachilik, 30 ta baliqchilik va 9 ta asalarichilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda. Hozirda mazkur fermer xo‘jaliklarda 641 ming boshdan ortiq chorva mollari parvarishlanmoqda. Chorvachilikda ozuqa bazasini mustahkamlash uchun 2 382 gektar, shundan 941 gektar suvli, 928 gektar lalmi yer maydonlari ajratilgan.
2022 yilda chorvachilik sohasini yanada takomillashtirish uchun umumiy qaymati 15 milliard 800 million so‘mlik 21 ta loyiha ishga tushirilib, 100 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi. Shundan 5 ta qoramolchilik, 6 ta parrandachilik, 2 ta qo‘ychilik, 5 ta baliqchilik va 3 ta asalarichilik yo‘nalishidagi yangi loyihalar ishga tushirildi. 15 ming tonna go‘sht, 60 ming tonna sut, 34 million donadan ortiq tuxum mahsuloti yetishtirildi.
Chorvachilikda naslchilik ishini yanada takomillashtirish maqsadida 2023 yilda qoramolchilik, parrandachilik, baliqchilik yo‘nalishlarida qiymati 35 milliard so‘mlikdan ziyod 4 ta yangi loyiha amalga oshiriladi. Ushbu loyihalar tumanda intensiv chorvachilikni rivojlantirishga qaratilgan.
Shuni ham ta’kidlash zarurki, 2022 yilda inspeksiyaning tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan 121 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, 35 ta huquqbuzarlik qayd etildi. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan tuman hokimligiga 3 ta taqdimnoma kiritildi, 68 ta huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanildi, 15 holat yuzasidan tegishli tashkilotlarga ogohlantirish xatlari berildi.
- Tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limining “Sanchiqul”, “Hayrabot”, “Baloigumbaz” sun’iy urug‘lantirish maskanlarida huquqbuzarliklar aniqlanib, qonunga asosan tegishli jarima qo‘llanildi, - deydi inspeksiyaning tuman bo‘limi shu’ba katta inspektori Xurshida Rajabova. - Chorvachilik yo‘nalishidagi “Nasldor zotli mollar”, “Dilmurod chorva”, “O‘tkir chorva invest”, “Choshtepa Shukur chorva” fermer xo‘jaliklari rahbarlari qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan ogohlantirildi.
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi axborot xizmati.