2022 yildagi Ginnes rekordlari
Xilma-xil yutuqlar, g‘ayrioddiy hodisalar ma’lumotnomasi – “Ginnesning rekordlar kitobi” 1955 yilda muhandis va sanoatchi Xyu Biver turli xil hodisalar qayd etilgan barcha ma’lumotlarni topish mumkin bo‘lgan manba yaratishga qaror qilganida paydo bo‘ldi. Hozirgacha ushbu kitobda 45 mingdan ortiq yozuvlar mavjud. Bugun sizga 2022 yilda qayd etilganlarining ba’zilari haqida so‘zlashga qaror qildik.
Eng keksa ayol
2022 yilning 2 yanvarida dunyodagi eng keksa ayol Kane Takake 119 yoshini nishonlab, ushbu hodisa bilan jahon rekordini o‘rnatdi. Afsuski, aprel oyida yaponiyalik ayol so‘nggi 17 yil davomida yashab kelgan qariyalar uyida vafot etdi.
Shaxsiy samolyotda dunyo bo‘ylab
2021 yilning avgust oyida belgiyalik 19 yoshli Zara Rezerford o‘z samolyotida dunyo bo‘ylab sayohatga chiqdi. Sarguzashtlari 155 kun davom etgan qiz shu vaqt ichida 31 davlat, 5 qit’a va 52 ming kilometr masofani “uchib” o‘tdi va 2022 yilning 20 yanvarida yakunlangan parvoz mashhur kitobga munosib jahon rekordiga aylandi.
Eng sodiq xodim
100 yoshli Uolter Ortmann Braziliyada yashaydi. 2022 yilda u kompaniyaning eng sodiq xodimi sifatida tan olindi, chunki u 15 yoshida ishga kirgan kompaniyasida 84 yil davomida ishlab, shu tufayli u dunyodagi bir ishda eng uzoq vaqt ishlagan rekordchiga aylandi.
Limon batareyasi
Eng katta limon batareyasi 2022 yilning fevral oyida Britaniya Qirollik kimyo maktabi olimlari tomonidan qurildi. Juda g‘alati, shunday emasmi? Biroq limon haqiqatan ham o‘zidan elektr tokini o‘tkaza olishi ma’lum bo‘ldi. Olimlar 2923 ta limonni ikkiga bo‘lib, ularga rux va mis unsurlarini biriktirib, bir-biriga bog‘lashdi. Limon sharbati elektrolit rolini o‘ynab, rux va misni elektrodlarga aylantirdi. Bunday batareya 2300 voltdan ortiq kuchlanish hosil qildi.
Tuxumdan minora
Mashhur kitob shunisi bilan qiziqki, unda hech qanday ma’noga ega bo‘lmagan “o‘zgacha” yozuvlarni ham topish mumkin. Yamanlik Muhammad tomonidan o‘rnatilgani ana shunday rekordlar turiga tegishli. U 4 dona tovuq tuxumini bir-birining ustiga qo‘yib minora qurishga muvaffaq bo‘ldi. Buni qanday qilishni o‘rganish uchun, ehtimol u ko‘p vaqt sarflagan bo‘lgandir, biroq natijasi hayratomuz bo‘ldi.
Litvalik “morj”
Polshalik Valeryan Romanovskiy morj unvonini uzoq vaqt davomida muz to‘ldirilgan idishda o‘tkaza olgani va muhimi, omon qolganidan keyin oldi. Vilnyus shahrining bosh maydonida o‘tib ketayotgan barcha odam uni kuzata olishi uchun muz solingan shaffof idish qo‘yilgan edi. Erkak uch soat muz ichida o‘tirdi. "Ginnesning rekordlar kitobi" veb-saytiga ko‘ra, bu butun tananing muz bilan aloqa qilish muddati bo‘yicha eng uzoq vaqt bo‘ldi.
Avvalgi rekord fransiyalik Romen Vandendorpga tegishli bo‘lib, u muz ichida 2 soat, 35 daqiqa, 33 soniya o‘tkazgan edi.
Albatta, “Ginnesning rekordlar kitobi”dagi har bir rekord o‘ziga xos tarzda qiziqarli. Bu rekordlarning aksariyati ortida inson mehnati va qat’iyati turishi ham e’tiborga loyiq. Shu bilan birga, aholining qaysi qatlami bo‘lishidan qat’iy nazar har qanday mamlakat fuqarosi, istalgan kasb vakili, agar u bizning ajoyib dunyomizga ko‘rsatish uchun biror bir yangilik topsa, mashhur kitobni boyitish qatorida o‘zi ham mashhur bo‘lish imkoniyatiga ega.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.