2023 yil 1 yanvardan pensiya oshadi (mi?). Oshsa, nimaning hisobidan?

Kelgusi yilning 1 yanvaridan boshlab pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining o‘n barobaridan o‘n ikki barobarigacha oshiriladi.

Bu tartib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan.

Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasi shu’basi mudiri Sh.Fayzullayev shu haqidagi tahlillarini Zarnews.uz ga taqdim etdi. Sh.Fayzullayevning yozishicha, bunda pensiyani hisob-kitob qilish uchun o‘rtacha ish haqi pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 10 barobaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda hisobga olinib pensiya tayinlab kelingan.

“Misol uchun, fuqaro Abubakir Normamatovning ish staji 40 yil bo‘lib, uning o‘rtacha oylik ish haqi miqdori 5 million so‘mni tashkil qildi, - deydi mutaxassis. - Uning pensiya miqdorini hisoblashda oylik ish haqi 10 barobar bilan chegaralangan, ya’ni pensiya hisoblashning bazaviy miqdori 2021 yilning 1 sentyabr holatiga 289 ming so‘m deb belgilangan bo‘lib, uning 10 barobari 2 million 890 ming so‘mni tashkil qiladi. Bundan pensiya miqdori 2 million 23 ming so‘m ( 2890000*70 foiz = 2 mln. 23 ming so‘m)ni tashkil qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 29 apreldagi “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 324 ming so‘m deb belgilanganligi sababli uning 10 barobari 3 million 240 ming so‘mni va pensiya miqdori 2 million 268 ming so‘mni tashkil qiladi. Kelgusida ushbu chegara 10 barobardan 12 barobargacha ko‘tarilishi belgilangan va tegishli tartibda huquqiy normativ hujjatlar qabul qilinishi munosabati bilan pensiyani hisoblashda o‘rtacha oylik ish haqi qayta hisob-kitob qilinadi. Uning 12 barabari 3 million 888 ming so‘mni va  pensiya  miqdori 3 million 721 ming 600 so‘mni tashkil qiladi.

Viloyat bo‘yicha bugungi kunda 27 279 nafar fuqaroga ushbu toifada pensiya tayinlangan. 2023 yilning 1 yanvaridan ularning pensiya miqdori qayta hisob-kitob qilinganda har biriga 1000 so‘mdan 486 ming so‘mgacha oshishi mumkinligi (ehtimoli borligi) tahlilda ko‘rinib, pensiya pullari oshirilishi kutilmoqda”.