2024 yilda Samarqandda dehqon xo‘jaliklari uchun 8,3 ming gektar yer ajratiladi

Viloyatda jami qishloq xo‘jaligi yer maydoni 1 677 ming gektarni tashkil etib, shundan 245 ming gektar sug‘oriladigan, 49 ming gektarini lalmi yerlar, 1,3 million gektarini yaylov, daraxtzor va boshqa yerlar tashkil etadi.

Bu raqamlar viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi rahbar va mas’ullari 2023 yil viloyatimiz agrar tarmog‘ida bajarilgan ishlar va joriy yilgi rejalarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida keltirildi.  

Keyingi besh yilda 46 ming gektar yerlar o‘zlashtirilgan. Ushbu maydonlardan yiliga 390 ming tonnadan ortiq qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirilmoqda. 2023 yilda esa jami 6 420 gektar yer o‘zlashtirildi.

- Joriy yilda 20 ming gektar yer o‘zlashtirish rejalashtirilgan, - deydi viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Tugalov. - O‘zlashtirilgan yerlarga qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilib, 211,1 ming tonnadan ortiq qo‘shimcha qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish imkoniyati yaratilishi natijasida 33,3 ming ta yangi ish o‘rni ochiladi.

Qishloq xo‘jaligining asosiy tarmoqlaridan bo‘lgan paxtachilik yo‘nalishida viloyatimiz dehqonlari 73,2 ming gektar maydondan 265 ming tonnadan ortiq xomashyo yig‘ishtirib oldi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 12 fevraldagi videoselektor yig‘ilishida bu yildan ilk bor xorijdan keltiriladigan chigitni ekishga ruxsat berildi. Joriy yilda 4,3 ming gektarda yuqori hosildor xorijiy paxta navlarini ekish rejalashtirilgan.

- 2023 yilda aholiga 7,5 ming gektar yer ajratilib, 18,4 mingta dehqon xo‘jaligi tashkil etish va 98,5 ming nafar (80,2 ming nafar mavsumiy) ish o‘rni yaratildi, - deydi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Samad Saidov. - 2024 yilda 8,3 ming gektar yer maydonida dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun yer maydonlari ajratilib, 15,3 mingta dexqon xo‘jaligi tashkil etiladi va 30 ming nafar yangi ish o‘rni yaratiladi. Shundan 1332 gektar maydon sabzavotchilik uchun rejalashtirilgan. Tarmoqdagi muhim jihatlardan yana biri - Nurobod tumani Sariqul hududida 1400 gektar maydonda kartoshkachilik xo‘jaligini tashkil etish. Avval suv bo‘lmagan bu lalmi maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida tadbirkorlar tomonidan mahsulot yetishtiriladi. Qolaversa, uzumchilikni rivojlantirish uchun viloyatga eng yaxshi texnologiyalardan hisoblangan Oltiariq tajribasi tatbiq etilib, 4700 gektar maydonda uzumzorlar barpo etiladi. 

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.