2025 yildan boshlab yo‘l haqi uchun naqd pul olinmaydi
Bu haqda Transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lumot berdi.
Uning aytishicha, O‘zbekistonda avtobuslarda 2025 yil 1 yanvardan yo‘l haqi uchun naqd pul qabul qilishdan voz kechiladi.
“Bekatlarga naqd pulga bilet yoki QR-kod sotib olish imkoniyati yaratiladi. Aksariyat bekatlarga infokiosklar o‘rnatiladi. Hozir bu tajriba Toshkent shahrida sinovdan o‘tkazilyapti. Barcha avtobuslarga shu QR-kodlarni o‘qiy oladigan devayslar o‘rnatiladi. Ular o‘rnatilgach, tabiiyki, konduktorlar ishlamaydi. Sababi naqd pulni yig‘ish ehtiyoji qolmaydi”, deydi vazir.
Shuningdek, I.Mahkamov yangi bruto shartnoma tizimi haqida ham qisqacha gapirgan:
«Bu tizimda jamoat transporti xizmatini ko‘rsatadigan operatorlarga pul to‘lovi yo‘lovchilarni o‘z vaqtida manziliga yetkazib qo‘ygani uchun amalga oshiriladi.
Yaqin istiqbolda 1294 ta avtobus sotib olish rejalashtirilgan bo‘lib, asosiy e’tibor Toshkent va Samarqand shaharlarida elektrobuslar harakatiga qaratiladi. 2030 yilgacha avtobuslar sonini 5000 taga, elektrobuslar sonini 2000 taga yetkazishni maqsad qilganmiz. Shaharlar va tumanlar jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olinishini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda".