22 mart - Butunjahon suv kuni

Ushbu sana BMT Bosh Assambleyasining 1992 yil 22 dekabrdagi qarori bilan ta’sis etilgan.

Butunjahon suv kunining asosiy maqsadi - 2030 yilga qadar «Suv va sanitariya sharoitlari – barchaga» loyihasini amalga oshirish uchun harakatlarga ilhomlantirishdir.

Ma’lumki, Yer yuzasining 70 foizi suv bilan qoplangan, ammo deyarli barchasi sho‘rdir. Chuchuk suv havzalarining ulushi taxminan 2,5 foizni tashkil qiladi. Shu bilan birga, chuchuk suvning ko‘p qismi muzliklarda jamdir.

Suv resurslari bandlik nuqtai nazaridan ham katta ahamiyatga ega bo‘lib, bu o‘z navbatida iqtisodiy, ijtimoiy va insoniy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Biroq, chuchuk suv resurslari Yerda bir xil taqsimlanmagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 20 yil ichida sayyoramizdagi chuchuk suv zaxiralari 20 foizdan ko‘proqqa kamaydi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda 2,2 milliard odam xavfsiz suvdan mahrumdir. Dunyodagi qurg‘oqchil hududlarning aksariyati yer osti suvlariga to‘liq bog‘liq. Yer osti suvlari biz ichimlik, sanitariya, oziq-ovqat ishlab chiqarish va sanoat jarayonlari uchun foydalanadigan suvning katta qismini ta’minlaydi. Ular, shuningdek, suv-botqoq yerlar va daryolar kabi ekotizimlarning sog‘lom ishlashi uchun juda muhimdir.