23 aprel - Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni
Bu kunni nishonlash to‘g‘risida 1995 yil oktyabr-noyabr oylarida bo‘lib o‘tgan YuNESKO Bosh konferensiyasida qaror qabul qilingan.
23 aprel sanasi tasodifiy tanlanmagan - shu kuni 1616 yilda dunyoga mashhur yozuvchilar Migel de Servantes, Uilyam Shekspir va Inca Garcilaso de la Vega vafot etgan.
Sana munosabati bilan 2001 yilda dunyo shaharlariga "Dunyo kitoblari poytaxti" faxriy unvoni ta’sis etilgan. Birinchi marta ushbu faxriy unvon Madrid shahriga berilgan. Keyinchalik Aleksandriya, Nyu-Dehli, Monreal, Turin, Kuala-Lumpur kabi shaharlar jahon kitoblari poytaxtlariga aylandi.
Joriy yil 23 aprelda “Dunyo kitoblari poytaxti” Tbilisi shahri (Gruziya)ga o‘tdi. Tadbir yoshlar o‘rtasida o‘qishni ommalashtirish uchun zamonaviy texnologiyalardan ustuvor vositalar sifatida foydalanishga qaratilgan "Sizning keyingi kitobingiz...?" shiori ostida bo‘lib o‘tadi. Dasturda kutubxonalar tashkil etish va bolalar uchun kitoblar festivali, kitoblarni maroqli bellashuvlarga aylantirish uchun zamonaviy raqamli loyihani ishlab chiqish va Gruziyada birinchi nashriyotni qayta tiklash ham ko‘zda tutilgan.
Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kunida an’anaviy ravishda kitob yarmarkalari va ko‘rgazmalar, jahon adabiyoti klassik asarlarining ommaviy o‘qish va boshqa ko‘plab madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkaziladi.