23 ta bo‘sh binoga 14,5 milliard so‘m sarmoya kiritildi

Prezidentimizning 2019 yil 19 fevraldagi “Davlat mulki ob’yektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2020 yilgacha davlat ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarni sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha eksperiment o‘tkazilmoqda.

Farmon bilan viloyat hokimlari bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’yektlarini baholamay turib, 1 so‘m qiymatdagi boshlang‘ich narxda “E-IJRO AUKSION” orqali investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda sotish vakolatiga ega bo‘ldi. Bunda tadbirkor kamida 1 million dollar investitsiya kiritishi va boshqa ijtimoiy majburiyatlarni bajarishi lozim. Tabiiyki, tadbirkor bilan oldi-sotdi shartnomasi tuzilib, bayonnoma imzolangandan so‘ng ob’yektni unga topshirish muddati 20 kundan ortiq bo‘lmasligi lozim edi. Eksperiment davrida esa bu muddat 10 kun etib belgilangan.

Shuningdek, investitsiya majburiyatlari bajarilgandan boshlab bir yil davomida yangi ish o‘rinlarini saqlab qolish, davlat mulki ob’yektlarini xususiylashtirishga buyurtmanoma berganlik uchun eng kam oylik ish haqining uch barobari miqdorida to‘lanadigan yig‘im va mulk huquqini tasdiqlovchi davlat orderini berganlik uchun davlat boji to‘lash tartiblari bekor qilindi.

Farmonga ko‘ra, viloyatlar hokimlarining qarorlariga asosan sotiladigan davlat mulki ob’yektlariga kadastr hujjatlari rasmiylashtirish, qurilish nazorat inspeksiyasi tomonidan davlat ob’yektlarini sotishga tayyorlashda xulosalar berilishi mahalliy byudjet hisobidan amalga oshiriladi.

Mazkur farmon asosida viloyat hokimining qarorlari bilan “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasiga viloyatimizda foydalanilmayotgan 54 ta davlat mulki ob’yekti baholanmasdan, 1 so‘mga teng qiymatda, boshlang‘ich narxda, 32,980 milliard so‘m miqdorida investitsiya kiritish va 500 ga yaqin ish o‘rni yaratish sharti bilan auksionga chiqarildi.

Hozirgacha o‘tkazilgan onlayn auksion savdolarida ob’yektlarning 23 tasi 615 million so‘mga sotib olish to‘lovlarini amalga oshirish va 14,6 milliard so‘mdan ortiq sarmoya kiritib, 250 dan ziyod ish o‘rni yaratish sharti bilan sotildi.

Jumladan, Oqdaryo tumani Dahbet shaharchasida joylashgan sobiq Samarqand agro-iqtisodiyot kollejining bo‘sh turgan binosi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish yo‘li bilan 1,5 million dollar investitsiya kiritish va 300 ta ish o‘rni yaratish sharti bilan “ASR IMKON TEXTIL” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga zamonaviy tikuvchilik fabrikasi tashkil etish maqsadida berilgandi. Bu loyiha to‘la o‘zini oqladi va bunday misollar talaygina topiladi.

Boshqarmamiz mutaxassislari tomonidan davlat mulkini auksion orqali 1 so‘m qiymatda olish, investitsiya kiritish sharti va boshqa ijtimoiy majburiyatlarni bajarish yuzasidan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, ularning huquq va vazifalari borasida tushunchalar beryapmiz.

Shunday uchrashuvlarning navbatdagisi Samarqand shahridagi “Maroqand Kabel Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘tkazildi. Master-klass tarzida tashkil etilgan uchrashuvda boshqarma bo‘lim boshlig‘i Abduvohid Yangiboyev farmon ijrosi yuzasidan hozirgacha erishilgan natijalar bilan birga, duch kelinayotgan muammoli masalalar yuzasidan ham tushunchalar berdi. Asosiysi, bir tadbirkor bugun duch kelgan muammoga boshqa tadbirkor avvalroq yechim topgan. Shu tariqa bir qator masalalarga ham javob topdik.

Aziz G‘AFUROV,

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.