25-oltin medal Moskvada qo‘lga kiritildi

Joriy yil 10-16 fevral kunlari Moskva shahrida an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan "Prodekspo-2019" oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar va ularni ishlab chiqarish uchun xom ashyo xalqaro ko‘rgazmasida «Samarqand-Jomboy Sharob» mas’uliyati cheklangan jamiyati ham o‘z mahsulotlarini namoyish etib tashkilotchilarning yuksak e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

«Prodekspo» Rossiyadagi eng yirik oziq-ovqat ko‘rgazma bo‘lib joriy yilda unda dunyoning uch qit’asidagi 70 ta davlatidan 2,5 mingga yaqin ishlab chiqaruvchi qatnashdi. E’tiborlisi jamiyat tomonidan ishlab chiqarilgan alkogol mahsulotlari barcha ishtirokchilarning e’tirofiga sazovor bo‘lib 2 tadan oltin, kumush, diplom  hamda bosh sovrin «Samarqand» konyak mahsuloti uchun «Granpri» sovriniga sazovor bo‘ldi.

- Korxonamiz Rossiyada o‘tkaziladigan oziq-ovqat ko‘rgazmalarida doimiy qatnashib yuqori sifatli mahsulotlarimizni taqdim etamiz, - deydi korxona ish yurituvchisi Fayzulla Shonazarov. – Bu yilgi ko‘rgazmada 7 xil mahsulotimizni namoyish etib korxonamiz mahsulotlarining sifati bo‘yicha 22-kumush va 25-oltin medallarni qo‘lga kiritdi. Qolaversa ushbu tanlovda ko‘plab xorijiy davlatlar bilan mahsulot xarid qilish, yirik ko‘rgazmalarda qatnashish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida kelishuvlarga erishildi.