Rassom Rashid Temurovning “30-yillarda Samarqand” asari

Rashid Temurov Muhammedovich 1912 yilda Buxoroda tug‘ilgan. 1932-1936 yillarda Samarqand badiiy bilim yurtida, so‘ngra yillarda O‘zbekiston rassomlar uyushmasining rassomlar malakasini oshirish kursida ta’lim olgan. 1968 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi unvonini olgan. 1991 yil Samarqandda vafot etgan.

 Rashid Temurovning asarlari Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasidan tashqari, “Tretyakov davlat galereyasi” muzey birlashmasida, Moskvadagi Sharq xalqlari davlat san’at muzeyida, O‘zbekiston davlat san’at muzeyida, shuningdek, Norilsk va Selinograd muzeylarida saqlanadi. Rassomning “30-yillarda Samarqand” asarida Bibixonim masjidi, uning oldidagi daraxtlar, chodirlar, kattaroq daraxt soyasida supada gaplashib o‘tirgan ikki chol, boshida tuguncha ko‘tarib ketayotgan ayol, ot mingan odam uning yonida ikki erkak, ayollar va bolalar, hassali bir chol tasvirlangan.

Bu asar bizga Bibixonim masjidi va uning atrofi o‘tgan asrning 30-yillarida qanday holatda bo‘lganligini tasavvur qilish imkonini beradi. Ko‘rib turibmizki, Bibixonim masjidi ancha xaroba holatda. Rangli koshinlar hamma joyda ham yo‘q. Devorlar va gumbazning rangi o‘sha davrdan qolgan asl ranglar bo‘lsa ajab emas. Gumbaz ozroq qismining koshinlari qo‘porilgan. Lekin rangi o‘chmaganga o‘xshaydi. Gumbazdagi yoriqlar bilinib turibdi.

Masjidning hozirgi holati ikki tomonda ikkita kichkina masjid, hovli oxirida bitta katta masjid va kirish qismdan iborat. Masjid o‘sha davrda ham shunday qismlardan tashkil topgan. Hozirgi holati restavratsiya (qayta qurilgan) qilingan. Lekin masjidning o‘sha davrdagi holati to‘liq tiklanmagan. O‘sha davrda hozirgidan ancha baland bo‘lgan va to‘rt tomondan ayvon bilan yopilgan.

Asarda yana chodirlar tasvirlangan. Chodirlardan savdo rastasi sifatida foydalanilgan. Chunki masjidning atrofida oldindan bozor bo‘lgan. G.A.Pankratev suratlarida ham chodirlardan yasalgan savdo rastalarini va odamlarni ko‘rishimiz mumkin.

Asarga diqqat bilan qarasak chodirlar ichida va yonida odamlarni, bir chodir oldida qovunlarni ko‘ramiz.

Rassom Bibixonim masjidi va uning atrofini tasvirlash bilan o‘sha vaqtda Samarqanddagi holatni ochib bergan.

Bektemir Sattorov,

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh mutaxassisi.