300 marta sudlashib boylik orttirgan Jonatan Li
G‘ashingizga tegadigan qarindoshlaringiz yoki tanishingiz bormi? Ularga e’tibor bermay qo‘ya qoling, ishoning, aslida ular axloqsiz emas, aksincha shunchaki fe’l-atvorli odamlar bo‘lishi mumkin. Asosiysi suratdagi mana bu yigit sizga qarindosh bo‘lib chiqmasa bo‘lgani.
Tanishing, o‘zining haddan ortiq sud da’volari bilan mashhur Jonatan Li. Dastlab u o‘z yaqin doiradagi kishilardan boshlab, do‘sti, qo‘shnilari, qo‘shnisi va bir musiqachini sudga berib, yutib chiqdi. So‘ngra politsiya, sudyalarga qarshi yana bir necha ishlarda g‘alaba qozondi. Shundan keyin u kattasiga o‘ynay boshladi va bir nechta taniqli kompaniyalarni sudga berdi.
Li “World of Warcraft” ashaddiy o‘yinchisi edi va kompaniya yaxshi o‘yini bilan uni boshqa ishlaridan chalg‘itishi va o‘yin obunasini sotib olishga qiynalib pul topishga majbur bo‘layotganini ro‘kach qilib, ushbu o‘yin ishlab chiqaruvchisi “Blizzard” kompaniyasini, “GTA” o‘yini yaratuvchilarini esa ular tufayli jinoiy yo‘lga tushgani uchun sudga berdi.
Mashhurlar ham e’tibordan chetda qolmadi. Garchi ularda yaxshi advokatlar xizmatini to‘lash qobiliyati bo‘lsa-da, u Jorj Bush (AQSh prezidenti), Britni Spirs (mashhur qo‘shiqchi), Stiv Jobs va boshqa o‘nlab shaxslarga qarshi sudga da’vo qilgan va ko‘p hollarda g‘alaba qozongan.
Uning turli sudlarga kiritgan ishlarining umumiy soni 2600 ga yaqinlashdi. 1500 dan ortiq da’volari esa sud tomonidan nomaqbul va asossiz deb topilib, rad etildi. Biroq, qolgan da’volar va suddagi g‘alabalar yetarli edi.
Shu bilan birga u ko‘plab da’volarni firibgarlik uchun qamoqda o‘tirgan paytida qo‘zg‘atgan. Umuman olganda, Li sud jarayonlaridan 8 million dollardan ko‘proq pul ishlab oldi.
2009 yilning may oyida Li “Dunyodagi eng ko‘p yaxshi natija ko‘rsatgan bahslashuvchi” rekordini ro‘yxatga olishdan bosh tortgan “Ginnesning rekordlar kitobi”ni ham sudga berdi. Ushbu da’vo sud tomonidan rad etildi.
Teleko‘rsatuvda o‘zi haqida intervyu berish uchun chaqirilganda boshlovchi Jonatandan “Nega bunday shon-shuhrat va boylikdan keyin ham hamon yolg‘issan, nahotki hech kimni sevmaysan?” deb so‘ragani uchun Li telekanalni sudga darhol berdi va 50 ming dollar tovon oldi.
Nima deb o‘ylaysiz, Jonatan Li omadi chopgan kishimi? Yoki yon-atrofdagilari unga nisbatan juda andishalimikan? Bir narsa aniqki, agar u o‘rta asrlarda yoki mushketyorlar davrida yashagan bo‘lsa, da’volarini taqdim etish imkoniga ega bo‘lmasdan, orttirgan boyligidan ham, hayotidan ham ancha ilgari ajralgan bo‘lardi. Nima bo‘lganda ham bunaqa kishilarga yo‘liqishdan Xudoning o‘zi asrasin.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.