31 dekabrgacha eski pasportingizni biometrik pasportga almashtirmasangiz, 669 ming so‘mgacha jarima to‘lashingiz mumkin

O‘zbekistonda biometrik pasport olmagan fuqarolarning nobiometrik pasportlarini almashtirish muddati 2019 yil 31 dekabr etib belgilangan.

Shu bois doimiy yashash manzilingizdagi IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlaridagi ma’lumotlarni yig‘ish punktlariga zaruriy hujjatlar bilan murojaat etishingiz so‘raladi.

Eski pasportda yurgan fuqarolar belgilangan ushbu muddatgacha biometrik pasport olmagan bo‘lsa, ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasiga muvofiq 111 500 so‘mdan 669 ming so‘mgacha jarimaga tortiladi.

Eslatib o‘tamiz, biometrik pasportlar 2011 yilning yanvar oyidan joriy etilgan bo‘lib, eski (nobiometrik) pasportlarni yangisiga almashtirish uchun dastlab 2015 yilning dekabrigacha, keyinchalik 2018 yilning 1 iyuligacha muhlat berilgan edi. Biroq bu vaqtgacha mamlakat aholisining katta qismi pasport almashtirishga ulgurmagani sababli Hukumatning 2018 yil 30 iyundagi qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik bo‘lmagan pasportining amal qilish muddati 2019 yil 31 dekabrgacha uzaytirilgan.

Samarqand viloyati IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi.