3200 gektardagi paxta hosili mashinada teriladi
Joriy yilda Samarqand viloyati paxtakorlari 75 580 gektar maydonda g‘o‘za parvarishladi. Endigi vazifa hosilni yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmasdan yig‘ishtirib olish. Xo‘sh, viloyatimizda paxta terimiga tayyorgarlik qanday kechmoqda, bu yil maydonlarning qancha qismi mashinada teriladi?
- 215,5 ming tonna hosil yetishtirish uchun fermer xo‘jaliklari 63 495 gektar va paxta klaster korxonalari 12085 gektar maydonda chigit ekkandi, - deydi viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi bosh mutaxassisi Ruslan Murodov. – Bu yilgi hosilni terib olish uchun 2250 ta terim otryadiga 140 mingga yaqin terimchi biriktiriladi va ularning 10 mingga yaqini yotoq joy bilan ta’minlanadi. E’tiborli jihati, bu yilgi hosildan 3200 gektar maydondagi qariyb 10,5 ming tonna xomashyoni terim mashinalarida yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan. Buning uchun viloyatimizdagi 10 ta paxta klaster korxonalari tomonidan 34 ta zamonaviy terim mashinalari jalb etish rejalashtirilgan bo‘lsa, hozirgacha 26 ta ana shunday texnika keltirildi.
Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, 10 gektar maydondagi paxta xomashyosini terib olish uchun o‘rtacha 164 nafar terimchi va uch ish kuni talab etiladi. Buning ustiga qo‘l terimida qatnashadigan ishchilarni transportda tashish, fartuk bilan ta’minlash kunlik oziq-ovqat va boshqa xarajatlar uchun 10 gektar maydonga o‘rtacha 7,2 million so‘m sarflanadi. Bir dona paxta terim mashinasida esa kuniga 9-10 gektar maydondagi (25-30 tonna) hosilni terib olish mumkin. Buning uchun bor-yo‘g‘i 820 ming so‘m xarajat ketadi.
Viloyatimizdagi paxta klaster korxonalari ham o‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib bu yilgi mavsumga puxta hozirlik ko‘rmoqda.
- O‘tgan yili mavsum o‘rtalarida keltirilgan terim mashinalarida 1,5 ming tonnaga yaqin paxta xomashyosini terib olgandik, - deydi Ishtixon tumanidagi “Maroqand sifat tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori o‘rinbosari Ahatillo Karimov. – Mashina terimi iqtisodiy jihatdan juda katta samara keltirdi. Misol uchun, 300 nafar terimchi bir kunda 30 tonna hosilni yig‘ishtirsa, bitta terim mashinasi kuniga shuncha paxta teradi. Shu bois, bu yilgi mavsumga 4 va 2 qatorli 8 ta terim mashinasi olib keldik. 2500 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlagan bo‘lsak shuning ming gektarini mashinada terib olmoqchimiz. 12 senyabrgacha yangi preparatlar yordamida sifatli defolyasiya ishlarini o‘tkazib, 7800 tonnalik shartnoma rejasini ado etishga kirishamiz.
O‘ktam Xudoyberdiyev.