4 million so‘mdan boshlangan ishdan, bir yil o‘tib 400 million so‘m daromad keltirgan biznesgacha
Bu ishning uddasidan chiqqan tadbirkor Past Darg‘om tumani Joul Qosim mahallasida yashaydi. U bunga ishbilarmonligi, ishchanligi, izlanuvchanligi bilan erishgan.
Tadbirkor G‘iyos A’zamov bundan 2-3 yil avval devorlarni pardozlovchi oddiy usta edi. Shuningdek, u tomorqasida dehqonchilik ham qilardi. Bir kuni hovlisidagi ikki bosh qoramolini sotib, puliga chuvalchang olib keladi va biogomus yetishtirish bilan shug‘ullana boshlaydi.
Dastlab, 4 million so‘m evaziga 5-6 metr kvadrat maydonda biogomus yetishtirib, 40-50 million so‘m daromad qildim, - deydi G‘iyos A’zamov. – Keyin mahallamizdagi hokim yordamchisi maslahati bilan oilaviy korxona tashkil etdim. Bu ishni qo‘ni-qo‘shnilarimga ham o‘rgatdim. Biogomus yetishtirish bo‘yicha tumanimizda ta’minotchiga aylandim.
Shuningdek, u 30 million so‘m imtiyozli kredit olib, quduqlar uchun beton devorlar va ularga mo‘ljallangan qoliplar tayyorlashni yo‘lga qo‘ydi.
- Bularga qo‘shimcha egiluvchan tosh, ya’ni binolarning fasad qismi uchun devor bezaklari tayyorlashni yo‘lga qo‘ydik, - deydi tadbirkor. – Bu mahsulotning toshlari Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidan keltiriladi. Toshlar maxsus materialga yelimlanib, turli rangdagi bezaklar paydo bo‘ladi.
Bugungi kunda G‘iyos A’zamov tadbirkorlik faoliyatini 3 yo‘nalish bo‘yicha olib boryapti va daromad ham shunga yarasha.
- 4 million so‘m bilan ish boshlagan mazkur oilaviy korxonamizning aylanma mablag‘i bir yilda 400 million so‘mdan ziyodroqni tashkil etdi, - deydi u. – Asosiysi, har bir yo‘nalishda 5 nafardan ishsiz yoshlarning bandligini ta’minladik.
G‘iyos A’zamov qaysi yo‘nalishda faoliyat olib bormasin, shogird tayyorlashga alohida e’tibor qaratishi bizni quvontirdi. Birgina misol, bugungi kunda mahallaning qaysi ko‘chasidan o‘tmang, ko‘pgina xonadonlarda quduqlar uchun maxsus beton devorlar tayyorlanayotganiga guvoh bo‘lasiz.
To‘lqin SIDDIQOV,
Jasurbek ShUKUROV,
Baxtiyor MUSTANOV.