59 ta bank xizmatlari markazi ochildi: Qanday o‘zgarish bo‘ldi?

Prezidentimizning 2020 yil 12 maydagi “2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida bank sektorini tubdan transformatsiya qilish bo‘yicha tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berilgan. Bunda moliyaviy xizmatlarning ommabopligini oshirish, banklarning hududlarga kirib borishini kengaytirish va barcha aholi punktlarida bir xil turdagi xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlash va xizmatlar sifatini oshirish vazifalari belgilangan.

Mazkur farmon asosida Samarqand viloyatidagi tijorat banklari tomonidan tumanlarda zamonaviy, ixcham va kam xarajatli bank xizmatlari markazlari tashkil etilmoqda. Hozirda viloyat tumanlarida “Agrobank”ning 28 ta, “Trastbank” 8 ta, “Xalq banki”ning 7 ta, “Turonbank”ning 4 ta, “Asaka bank”ning 3 ta, “Milliybank”ning, “Mikrokreditbank” va “Qishloq qurilish bank”ning 2 tadan, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Aloqabank” va “Ipoteka bank”ning viloyat filiallari tomonidan 1 tadan bank xizmatlari markazlari ishga tushirildi.

Ushbu markazlarda kommunal to‘lovlarni qabul qilish, kassa, xalqaro pul o‘tkazmalari, bank plastik kartalarini ochish, aholiga har xil turdagi kreditlar ajratish, 24/7 rejimida ishlovchi bankomatlar orqali mablag‘ni naqdlashtirish va boshqa bank xizmatlarini ko‘rsatuvchi 59 ta zamonaviy bank ofislari aholiga sifatli bank xizmatlarini ko‘rsatmoqda.

Joriy yilning 20 iyuligacha mazkur markazlar tomonidan 590 nafar fuqarodan 8,7 milliard so‘mga yaqin omonat jalb qilindi va 5 471 nafar mijozga 33,7 milliard so‘m iste’mol krediti, 2 766 nafar mijozga 24,3 milliard so‘m mikroqarz, 189 nafar mijozga 1,6 milliard so‘m overdraft, 280 nafar mijozga 18,9 milliard so‘m avtokredit va 1 671 nafar mijozga 21,1 milliard so‘m boshqa turdagi kreditlar, jami 10 377 nafar mijozga 99,6 milliard so‘m miqdoridagi kredit mablag‘lari ajratildi.

Farrux ShAKAROV,

Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi naqd pul muomalasini tashkil etish boshqarmasi bosh iqtisodchisi.