6 oyda agrar tarmoqda 10 mingdan ortiq reyd o‘tkazildi. Nega?

Joriy yilning birinchi yarmida qishloq xo‘jaligi melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikasi yo‘nalishida 522, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanish yo‘nalishi bo‘yicha 497, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazilishi yuzasidan 154 holatda qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

 Bu ma’lumotlar “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi tomonidan 2021 yilning 6 oyida sohada amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida bildirildi. 

Qayd etilishicha, hisobot davrida agroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari tomonidan 10 197 marotaba nazorat tadbirlari o‘tkazilib, 1 941 ta qonunbuzilish aniqlangan. Ushbu holatlar yuzasidan 982 nafar shaxsga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Inspektorlar tomonidan aniqlangan 246 holat yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy qaror qabul qilish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. 118 ta qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha tashkilotlarga taqdimnomalar kiritildi. O‘tgan vaqtda inspeksiyaning Urgut tumani bo‘limi tomonidan 251 ta, Past Darg‘omda 183 ta, Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limida 128 ta qonunbuzilishi kuzatilgan. 

- Prezidentimiz raisligida joriy yilning 8 iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “daftar”larga kiritilgan fuqarolarga vaqtincha foydalanish uchun g‘alladan bo‘shagan maydonlarda dehqonchilik qilish uchun yer berish bo‘yicha topshiriqlar berilgandi, - deydi “O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi boshlig‘i Davron Ochilov. – Ushbu topshiriq asosida viloyatimizda g‘alladan bo‘shagan 80 704 gektar maydon 60 mingdan ortiq ishsiz fuqaroga dehqonchilik qilish uchun berildi. Ushbu maydonning 7 792 gektariga sabzavot, 9 231 gektariga kartoshka, 34 383 gektariga dukkakli, 2 755 gektariga moyli hamda 26 543 gektariga ozuqa ekinlari ekildi. 

Eng katta tarmoqdagi ishlarga birgina anjumanda to‘liq to‘xtalib o‘tishning imkoni yo‘q, shunday bo‘lsa-da, mas’ullar agrar tarmoqdagi yangiliklar va qilinayotgan ishlarga alohida to‘xtalishdi. 

O‘ktam Xudoyberdiyev.