650 ming ko‘chat tayyor, boshqasida esa ko‘chatning hisobi yo‘q

- Bu yil stansiyamiz xodimlari tomonidan urug‘lik meva ko‘chatlaridan 266 ming, danakli mevalardan 38 mingdan ortiq ko‘chatlar tayyorlandi, - deydi ilmiy tajriba stansiyasi direktori o‘rinbosari O‘rmonbek Mirzohidov. – Birgina olmaning 12 xil yangi navidan 260 mingdan ortiq ko‘chat aholiga yetkazib berilmoqda. Respublikamizda uzum yetishtirishni rivojlantirish maqsadida tajriba xo‘jaligimizda uzumning 8 xil navidan 400 mingga yaqin ko‘chat tayyorlandi. Bu yil uzumning “Sug‘diyona” va “Kishmish Malika” kabi iste’molbop navlari yaratilib, davlat reyestriga kiritildi va shu kunlarda yangi navli uzumning 3,5 ming tup ko‘chati sotuvga chiqarilmoqda. Xaridorlarga qulaylik yaratish maqsadida stansiyamizda savdo xizmati tashkil etilib, mijozlarga naqd pul, pul ko‘chirish va bank plastik kartochkalari orqali ham ko‘chatlar taqdim etyapmiz. Bundan tashqari, ko‘cha va xiyobonlar obodonchiligi uchun turli xil gul va manzarali daraxt ko‘chatlarini ham yetishtiryapmiz.

Mavridi kelganda shuni aytish kerakki, viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi ham joriy yilgi mavsum uchun ko‘chat yetishtirishgan. Ammo ulardan ikki haftadan buyon ko‘chatlarga oid ma’lumotlarni ololmadik. Ehtimol, ular yetishtirilgan ko‘chat hisobini topishmayotgandir yoki bu ma’lumot sir tutilarmikan?

O‘.XUDOYBERDIYeV.