66 yil oldin bir-biridan ajratilgan egizaklar uchrashdi

Ba’zida egizaklarning bir-biri bilan juda chambarchas bog‘liqligi haqidagi hikoyalar shunchaki fantastik ko‘rinadi.

Jennifer va Ketlin Janubiy Yorkshirning Roterhem shahrida tug‘ilgan. Chaqaloqlar tug‘ilganoq ajratildi, ularning butun hayoti bir-biridan atigi besh kilometr uzoqlikda o‘tdi, lekin ular bu haqda hatto gumon qilishmasdan umrguzaronlik qilgan.

Opa-singillarning to‘satdan birlashishiga ITV ingliz telekanalidagi “Parishon bo‘lgan oila” (Long Lost Family) ko‘rsatuvi sababchi bo‘ldi. Ular butun umri davomida bir-biriga juda yaqin yashaganliklarini bilib olib, hayron qolishdi. Aniqlanishicha, ular hatto bitta shifokor nazoratida bo‘lgan ekan, hatto farzandlari va nevaralari bir drama to‘garagida qatnashgan. Uzoq yillik ayriliqqa qaramay, qarindoshlar darhol yaqinlashdilar. Ularning so‘zlariga ko‘ra, endi ularning hayoti faqat yaxshi tomonga o‘zgaradi. Hozir ular 80 yoshdan oshgan va ko‘p vaqtlarini birga o‘tkazishadi va oilalari bilan muloqot qilishadi. Keksa ayollar bir-birlarini topganlaridan juda xursand.

Onasi nima sababdan qizlarini tashlab ketishga qaror qilganini hech kim bilmaydi. O‘shanda u juda yosh bo‘lgan va qiyin vaziyatga tushib qolgan ekan. Ehtimol, qarindoshlari uni qo‘llab-quvvatlamagandir.

Jenniferni onasining uyi yaqinida yashovchi oila asrab olgan. Ketlin tug‘ilgan joyidan uch chaqirim uzoqlikda yashaydigan farzandsiz er-xotinning qiziga aylangan.

Jenniferning aytishicha, u kichkinaligida o‘z onasi bilan muloqot qilgan. Uning ismi Yeva Milns edi va hamma uni oilaning do‘sti deb atardi. 11 yoshida Jenniferga haqiqatni aytishdi - uning amakivachchasi og‘zidan “gullab” qo‘ydi. U qizning egizak singlisi ham borligini aytdi. Ketlin esa hech narsani bilmas edi, chunki o‘zini oiladagi yagona farzand deb hisoblardi.

Opa-singillar birinchi uchrashuvdanoq o‘zaro yaqinlikni his qilishdi. Ketlin har doim o‘zida g‘alati tuyg‘u bilan yashab kelganini aytdi. Jennifer ham umr bo‘yi qayerdadir singlisi borligi hissi bilan yurganini ta’kidladi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, egizagi bilan uchrashgandan so‘ng ular o‘zini to‘laqonli odam sifatida his qila boshlagan.

Endi opa-singillar yo‘qotilgan yillarni to‘ldirishga harakat qilib, ko‘pincha vaqtlarini birga o‘tkazadi. Har chorshanba kuni ular xarid qilish, sayr qilish va qahva ichish uchun chiqishadi. Shunisi e’tiborga loyiqki, ular tashqi ko‘rinishida o‘xshashligi bilan birga, ko‘pincha bir vaqtda bir xil iboralarni aytadilar yoki birining kam-ko‘stini biri to‘ldirib turadi. Farzandlari ko‘p yillar o‘tib ayollar ayrilmas bo‘lib qolganidan, ularning hayotida yaqin odamlar ham paydo bo‘lganidan juda xursand.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.