7 oyda 798 ta jinoyat yoshlar tomonidan sodir etilgan

Yoshlar orasidagi jinoyatlar ortib borishining sababi nimada? Uning oldini olishda nimalarga e’tibor qaratish lozim?

Samarqand shahridagi yoshlar markazi binosida o‘tkazilgan “Yoshlar jinoyatchiligini oldini olishda yetakchilar hamda profilaktika inspektorlarining hamkorligi” mavzusidagi muhokama-targ‘ibot tadbirida shu savollarga javob izlandi.

Ta’kidlanganidek, viloyatda shu yilning o‘tgan 7 oyida yoshlar tomonidan 798 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 62,5 foizga oshgan. 2021 yilning mos davrida bu ko‘rsatgich 491 tani tashkil etgan edi. Sodir etilgan jinoyatlarning katta qismi Nurobod va Narpay tumanlari hamda Samarqand shahri ulushiga to‘g‘ri keladi.

Yosh xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 22 taga, oliy o‘quv yurti talabalari sodir etgan jinoyatlar esa 41 taga oshganligi achinarlidir.

Tadbirda mahallalardagi profilaktika inspektorlari va yoshlar yetakchilarining o‘z vazifasiga sidqidildan yondashmaganligi sabab bu kabi salbiy natijalar qayd etilayotgani aytildi. Mahalla, tashkilotlar, ta’lim muassasasi, oila, umuman, keng jamoatchilik bir yoqadan bosh chiqarib kurashmas ekan kutilgan ijobiy natijaga erishib bo‘lmasligi ta’kidlandi.

Oliy majlis senati a’zosi Farmon Toshev, Yoshlar ishlari agentligi markaziy apparati mutaxassisi Shohjahon Turg‘unboyev, viloyat IIB huquqbuzarlik profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari F.Sattorov va boshqa mutasaddi tashkilotlar mas’ullari mavzu yuzasidan ma’ruzalar qildi.