70 million so‘mlik biofaol qo‘shimchalar manzilga yetib bormadi

Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda Jizzax shahrida sifati kafolatlanmagan dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida Jizzax shahri hududida to‘xtab turgan fuqaro O.N. boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtoulov yukxonasida hech qanday hujjatlari mavjud bo‘lmagan va xorijda ishlab chiqarilgan 70 million so‘mlik 5000 dona “Montalin” nomli biofaol qo‘shimchalar borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deyiladi Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati axborotida.