9 oyda mansabdorlar tomonidan davlat va jamiyatga 658 mlrd so‘m moddiy zarar yetkazilgan: Bunday zarar miqdori 2020 yilda jami 500 mlrd bo‘lgandi
Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Mazkur qonun loyihasi bilan mansabdor shahslarga nisbatan choralar kuchaytirilmoqda. Ya’ni “Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish”, “Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish”, “Hokimiyat harakatsizligi”, “Mansab soxtakorligi” va “Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi” jinoyatlar agar “g‘arazgo‘ylik” niyatida sodir etilsa, korrupsiyaviy jinoyat hisoblanishi belgilanib, mazkur harakatlar uchun og‘irroq jazolar belgilanyapti.
Statistika bo‘yicha mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 2018 yilda 556 mlrd., 2019 yilda 1,858 trln., 2020 yilda 500,1 mlrd., 2021 yilning 9 oyida 658 mlrd. so‘m moddiy zarar yetkazilgan.
Shuningdek, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash uchun hukm qilingan, biroq jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslarga hamda poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish va jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tatbiq qilinmasligi nazarda tutilmoqda.
Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash, bunday jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga yengillashtiruvchi normalarni qo‘llashni cheklash maqsadida, javobgarlikdan va jazodan ozod qilish muddatlari ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan korrupsiyaviy jinoyatlar uchun 10 yil, og‘ir va o‘ta og‘ir korrupsiyaviy jinoyatlarga nisbatan esa tatbiq etilmaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, qonun loyihasi mamlakatda korrupsiyaning oldini olishga, korrupsiyaga qo‘l urgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga, xalqaro reyting va indekslarda yurtimizning o‘rnini yaxshilashda xizmat qiladi.