9 sotix yerdan 90 million so‘m daromad

Kattaqo‘rg‘on tumani Kattako‘rpa mahallasida yashovchi Dilshod Mirzayev 12 sotixli tomorqasining 9 sotixida issiqxona tashkil qilgan.

U bu yerda asosan pomidor va bodring yetishtiradi. Ayni paytda pishib yetilgan pomidor terilib, bozorga chiqarilyapti. Aytishicha, bu yerdan yiliga 10 tonnagacha hosil olinadi. Bir kilogram pomidor o‘rtacha 9 ming so‘mdan sotilsa, 90 million so‘m daromad qilish mumkin ekan. 

- Bu yil fevral oyi issiq kelib, mart oyida havoning keskin sovib ketishi issiqxonalarda yetishtirilayotgan mahsulotlar uchun salbiy ta’sir ko‘rsatdi, - deydi Dilshod Mirzayev. – Sovuq kunlarda biz kecha-yu kunduz bir xil haroratni ushlab turishga harakat qildik. Bunda issiqxonamizga ko‘mir kukunini yoqishga mo‘ljallangan zamonaviy isitish qozonxonani o‘rnatganimiz qo‘l keldi. Shuning uchun ham endigina pishib yetilayotgan pomidorlarni sovuqdan saqlab qolishga erishdik.