Abdulaziz Komilov Pokiston, Afg‘oniston va Hindiston tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashdi
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Dushanbeda Pokiston, Afg‘oniston va Hindiston tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Abdulaziz Komilov ShHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Dushanbe shahriga bordi. Ta’kidlanishicha, 13 iyul kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshi, Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar va Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida ushbu mamlakatlar bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashilgan.
Ko‘p tomonlama tuzilmalar, shu jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
2021 yil 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» nomli yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaga alohida e’tibor qaratilgan.
Uchrashuvlarda Toshkent konferensiyasi o‘z vaqtida o‘tkazilayotgan va muhim xalqaro forum ekani, u nafaqat Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy o‘zaro aloqalarni faollashtirishga yordam berishi, balki mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga ham samarali hissa qo‘shishi ta’kidlangan.