Abituriyent Samarqandda turib Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tishi mumkin
Keyingi o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari va abituriyentlardan hujjat qabul qilish tartibiga qator yangiliklar kiritildi. Aynan shu o‘zgarishlar bo‘yicha abituriyentlar va ularning ota-onalarida ko‘plab savollar tug‘ilmoqda. Shu bois test sinovlari bo‘yicha ayrim savollar bilan Davlat test markazining Samarqand viloyat bo‘limi boshlig‘i Nosir Eshonqulovga murojaat qildik.
– Abituriyent o‘zi yashayotgan viloyatdan turib boshqa viloyatdagi oliy ta’lim muassasalariga ro‘yxatdan o‘tsa bo‘ladimi? Shunday holatda u testni qayerda topshiradi?
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 maydagi “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida 2019-2020 o‘quv yili qabulidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun abituriyentlar Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladilar.
Mazkur qaror asosida 2019-2020 o‘quv yili qabulidan boshlab abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalarining test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi bir xil bo‘lgan uchtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etish huquqi berildi. Tanlanayotgan ta’lim yo‘nalishlari bitta, ikkita yoki uchta oliy ta’lim muassasasida bo‘lishi ham mumkin.
Endilikda abituriyentlar o‘zlari yashab turgan hududdan tashqari boshqa viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining ta’lim yo‘nalishlariga kirish uchun ham ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi. Abituriyent oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali, shuningdek, oliy ta’lim muassasalaridagi ro‘yxatdan o‘tish manzillari orqali ro‘yxatdan o‘tayotganda test sinovlarida qaysi hududda ishtirok etishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot kiritiladi va abituriyentlar o‘zlariga qulay bo‘lgan hududda test sinovlarida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
– Abituriyentlardan talab qilinadigan hujjatlar haqida gapirsangiz.
– Endi abituriyentlar hujjat topshirmaydi, balki original hujjatlarini ko‘rsatib, ro‘yxatdan o‘tadi va o‘zi bilan qaytarib olib ketadi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun abituriyentlardan pasport (u yo‘q bo‘lsa, 09-forma yoki tug‘ilganlik guvohnomasi), diplom yoki shahodatnoma (ilovasi bilan), mabodo imtiyozi bo‘lsa, uni tasdiqlovchi hujjat talab qilinadi.
Abituriyent qayerdan ro‘yxatdan o‘tishidan qat’iy nazar undan xuddi shu hujjatlar so‘raladi. Avvalgi yillardagidek rasm, papka, 086-ma’lumotnoma endilikda so‘ralmaydi.
– Test jarayonini shaffof va ochiqlik bilan o‘tishi uchun nima ishlar qilinyapti?
– Oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan binolarga kirishda abituriyentlar feykantrol orqali va barmoq izlarini skanerlash qurilmalari orqali nazoratdan o‘tkaziladi. Shu bilan birga test sinovlari o‘tkaziladigan binolarga abituriyentlar tomonidan aloqa vositalaridan foydalanishlarining oldini olish uchun maxsus qurilmalar o‘rnatiladi.
Test sinovlarini adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlaymiz. Jarayonni ota-onalar tashqaridan kuzatib turishi uchun kuzatuv monitorlari o‘rnatiladi. Qolaversa, xohlovchi ota-onalar test bo‘ladigan xonalarga kuzatuvchi sifatida taklif etiladi.
– Uchta yo‘nalishga ro‘yxatdan o‘tgan abituriyent 3 marta ham 101 ming so‘mdan to‘lov qiladimi?
– Yuqorida keltirilgan qaror asosida, abituriyentlar tomonidan oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida ishtirok etishlari uchun to‘lov undirish belgilandi. Xususan, test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan (nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar bundan mustasno) test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining yarim baravari miqdorida to‘lov undirish ko‘rsatib o‘tilgan. Test sinovlari tashkil etilayotgan yilda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan hech qanday to‘lov undirilmaydi. Abituriyentlar uchun to‘lov faqatgina bir marta amalga oshiriladi.
– Abituriyentlar imtihon natijalarini qachon va qayerdan bilish mumkin?
– Abituriyentlar test sinovlariga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tganlaridan so‘ng ularga Davlat test markazining dtm.uz saytida shaxsiy kabinet tashkil etiladi. Bu shaxsiy kabinetga abituriyent uchun kerak bo‘ladigan barcha ma’lumotlar, jumladan, abituriyentga eslatma, abituriyent ruxsatnomasi va uning test natijalari haqidagi ma’lumotlar berib boriladi.
Abituriyent test sinovi natijasini imtihon bo‘lgan kunning ertasigayoq bilishi mumkin. Tanlagan ta’lim yo‘nalishlarining qaysi biriga davlat granti va to‘lov kontrakt asosida o‘tganligini test sinovlari tugaganidan so‘ng bir hafta ichida bilib oladilar.
– Bu yilgi test sinovlari viloyatimizning qaysi hudud va binolarida o‘tkaziladi?
– Oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari Samarqand viloyatida bitta hudud va bu hududda joylashgan 5 ta katta sig‘imdagi binolarda bo‘lib o‘tadi. Bu binolar – Samarqand davlat universiteti akademik litseyining sport zali, sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabining 3 ta sport zal hamda Samarqand pedagogika va xizmat ko‘rsatish kollejining sport zallari. Test sinovlari o‘tkazilishi belgilangan binolarga 1 smenada 3060 nafar abituriyentning test topshirishi rejalashtirilgan.
– Sirtqi va maxsus sirtqi ta’limga hujjat topshirish tartibi qanday? Bunday ta’lim yo‘nalishida tahsil olmoqchi bo‘lganlar ham 101 ming so‘m to‘lov qilib, ular ham 3 ta yo‘nalishni tanlaydimi?
– Sirtqi va maxsus sirtqi ta’lim shakllariga hujjatlar 1 iyuldan 30 iyulgacha bo‘lgan muddatda bevosita tanlangan oliy ta’lim muassasasining o‘ziga topshiriladi. Sirtqi va maxsus sirtqi ta’lim shakllariga 3 ta ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati berilmagan va hech qanday to‘lov amalga oshirilmaydi.
– Imtihon natijalaridan qoniqmagan abituriyent qachon va qayerga murojaat etishi mumkinligiga to‘xtalsangiz.
– Oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 apreldagi 261-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizom asosida o‘tkaziladi. Ushbu Nizom asosida test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar 20 avgustdan 30 avgustgacha (belgilangan ish vaqtiga muvofiq, dam olish kunlarisiz o‘n bir kalendar ish kuni ichida) bo‘lgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan apellyasiya komissiyasiga murojaat qiladilar.
Abituriyentga apellyasiya shikoyati qabul qilinganligi to‘g‘risida uch ish kuni ichida xabarnoma beriladi. Shuningdek, apellyasiya shikoyati Davlat test markazida hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi bo‘limlarida qabul qilinadi.
Abdujabbor PO‘LATOV suhbatlashdi.