Adliya aralashuvi bilan tibbiyot xodimlariga 838 million so‘mdan ortiq 6 foizlik qo‘shimcha to‘lovlar undirib berildi

Samarqand viloyati adliya boshqarmasi va uning tuman, shahar bo‘limlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni talablaridan kelib chiqib, joriy yilning may-iyun oylarida 12 tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi, 11 ta sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi hamda 20 ta maktabgacha ta’lim muassasasida tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilinadigan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar to‘lanishini monitoring qildi.

Monitoring natijasida tibbiyot birlashmalari, SEOM va maktabgacha ta’lim muassasalari tomonidan 694 ta qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilib, 838 million so‘mdan ortiq pul mablag‘lari xodimlarga to‘lab berilmaganligi aniqlandi.

Mazkur holat bo‘yicha viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, SEOM va moliya boshqarmalariga 42 ta taqdimnoma kiritilib, 838 million so‘mdan ortiq pul mablag‘lari to‘lab berilishi ta’minlandi.

(Samarqand viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Nuriyevning 2020 yarim yillik yakunlari bo‘yicha norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qo‘llash amaliyotining holati to‘g‘risidagi axborotidan)