“Adliya ayoli” qaysi soha vakiliga nasib etdi?

Samarqand shahrida "Adliya ayoli" respublika tanlovining Samarqand viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ilk marotaba tashkil etilgan tanlovda samarqandlik 6 nafar soha xodimalari ishtirok etib, belgilangan uchta shart asosida g‘oliblik uchun bahslashdi.
Nafosat malikalari dastlab huquqiy savodxonligi, qonunchilikni nechog‘lik o‘zlashtirishganligini test sinovi shartida imtihondan o‘tkazishdi. Keyingi shartda ular ish faoliyatida duch kelayotgan dolzarb masalalar bo‘yicha taklif va tashabbuslarini himoya qilishdi. Nihoyat oxirgi shartda xotin-qizlarimiz pazandalik mahoratlarini ko‘rsatishdi.
- Tizimda faoliyat ko‘rsatuvchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish bo‘yicha adliya vazirligida xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilot tashkil etildi,- deydi viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi Nargiza Nurnazarova. - Shuningdek, @genderadliyabot hamda @adliya_boshlangichbot kabi murojaatlar bo‘limi ham tashkil etildi. Bu - tizimda faoliyat yurituvchi xotin-qizlar bilan erkin muloqotni tashkil qilish, ularning soha bo‘yicha fikrlarini bilib borishda muhim ahamiyatga ega. Mazkur tanlov ham ularni rag‘batlantirish va faolligini namoyon qilish uchun tashkil etildi.
Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Samarqand shahar yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazi xodimi Sarvinoz Haydarova 1-o‘rinni egallab, tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
2-o‘rin Samarqand shahar 2-son FHDYo bo‘limi mudirasi Shohida Nurullayevaga, 3-o‘rin esa viloyat yuridik texnikumi devonxona mudirasi Nargiza Jo‘rayevaga nasib etdi.
Tanlovning viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 1-o‘rin sohibasi 5 million, 2-o‘rin sohibasi 3 million va 3-o‘rin sohibasi 2 million so‘m pul mukofotlariga ega bo‘lishdi.