Adliya vaziri o‘rinbosari Urgutda fuqarolarning 100 ga yaqin murojaatlarini o‘rgandi

Urgut tumanining “Qaynarbuloq” mahallasida yashovchi Zulfizar aya Sodiqova o‘tgan yilning yoz oylarida insultni boshdan kechirgach, to‘shakka mixlanib qoldi. Tibbiy ko‘rik, tinimsiz davolanishlar esa yaxshi natijani bermadi. Afsuski, oila a’zolarining topganlari ham dori-darmon, ro‘zg‘ordan ortayotgani yo‘q. Bemorga esa amaliy yordam lozim.
Bejizga bu borada so‘z boshlamadik. Adliya vazirligi rahbariyati tomonidan respublikamizning olis va chekka hududlarida fuqarolar va tadbirkorlar uchun sayyor qabullar o‘tkazilib, ularning muammolari tinglanmoqda. Ana shunday qabullarning navbatdagisi Urgut tumanining “Kenagas” mahallasida bo‘lib o‘tdi.
Muloqotlar davomida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari A.Z.Muhammadiyevga fuqarolar uy-joy, moddiy yordam, tadbirkorlik, salomatligini tiklash, kredit olish, aliment undirish, pensiya va nafaqa tayinlash, bandlik singari masalalarda murojaat qilib, 100 ga yaqin muammo va shikoyatlarini ma’lum qilishdi.
Muloqotlar davomida Zulfizar aya Sodiqovaning akasi Bahodir Sodiqov singlisining bugungi ahvoli haqida gapirarkan, nogironlik aravachi olishga ko‘mak so‘radi. Murojaat esa shu joyning o‘zida qaonatlantirildi. Muhimi, ular qatori, 1-guruh nogironlari bo‘lgan bir nechta fuqarolarga ham ana shunday maxsus aravachalar topshirildi.
Shuningdek, “Omonqo‘ton” mahallasi fuqarosi, qariyb 60 yoshni qarshi olgan Xudoyberdi Mahmudov turmush o‘rtog‘i Aziza Mamatqulova bilan shu paytgacha sha’riy nikoh asosida yashab kelgani, qonuniy nikohdan o‘tishda ayrim muammolarga duch kelayotganini ta’kidladi. Adliya vaziri o‘rinbosari A.Muhammadiyev boshchiligida oilaning nikohi shu yerda rasman qonuniylashtirilib, guvohnomalar tantanali topshirildi.
Kenagaslik Asqar Razzaqovning sportchi qizi, 13 yoshli Mehrigul Eshimova ham Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadigan chempionatda viloyat sha’nini himoya qiladigan bo‘ldi. Gapning indallosi yana bir oilaning chigal bo‘lib turgan mushkuli yechimini topdi. Demak, sayyor qabul odamlarni yillar davomida qiynab kelgan 100 ga yaqin ana shunday muammolar, ochiq qolgan savollarga aniq javob bo‘ldi.
— Qizim, Dilnura A’zamova yaqinda 16 yoshga to‘ladi, — deydi Z.Raupova — Ha, demay pasport olishi kerak. Lekin tug‘ilganlik guvohnomasi yo‘qligi sababli bu masala muammo bo‘layotgandi. Bee’tiborsizligimiz bolaning kelajagiga ta’sir qildi. Qabulda vaziyatimni tushuntirib, yordam so‘radim. Masalam joyida hal bo‘ldi. Nafaqat meni, balki, menga kabi qancha urgutliklar ham huquqiy, ham amaliy yordam olishga muvaffaq bo‘lishdi.
Tadbir chog‘ida tuman tashkilotlari tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etilib, notarius va adliya bo‘limlari tomonidan fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatildi. Xususan, zamonaviy, mobil avtobusda davlat xizmatlari sayyor tartibda ko‘rsatildi.
Mansur Hasanov.