Adliya vazirligi: Samarqandda 7 holatda uy ogohlantirishsiz buzilgan
Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga (keyingi o‘rinlarda – Nizom) ko‘ra yer uchastkasi olib qo‘yilishi munosabati bilan mol-mulki buzilishga tushgan mulkdorlar buzilish boshlanishidan olti oy kechikmay yozma xabardor qilinishi shart bo‘lsada, buzilgan turar joy egalari Samarqandda 7 ta holatda umuman xabardor qilinmagan, 189 ta holatda xabardor qilish muddatiga rioya qilinmagan.
Nizom talablariga zid ravishda Samarqandda 37 ta holatda turar joylar buzilgandan keyin baholangan.
Bundan tashqari, Respublikamizning deyarli barcha hududlarda turar joylar buzilishi munosabati bilan mulkdorlarni (ularning oila a’zolarini) vaqtinchalik turar-joy bilan ta’minlash yoki ularga ijara haqi va ko‘chib o‘tish xarajatlarini qoplab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tuman (shahar) hokimliklariga adliya organlarining inson huquqlarini himoya qilish bo‘limlari tomonidan 127 ta taqdimnoma va 52 ta ogohnomalar kiritilib, huquqbuzarliklar sodir etgan 74 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar tegishli sudlarga yuborildi.
Bundan tashqari, vazirlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tegishli taqdimnomalar kiritildi va bu haqda Hukumatga axborot berildi.
Hozirda tuman (shahar) adliya bo‘limlari aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va bu jarayonda fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash masalalari yuzasidan doimiy nazoratni amalga oshirmoqdalar.
Shuningdek, sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlari vazirlik tomonidan xatlovdan o‘tkazilib, ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.
Yer uchastkasining davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan 2016-2018 yillarda respublika bo‘yicha 4 689 ta turar va 1 456 ta noturar joylar buzilgan.