Advokatning qonuniy talablari sud-tergov idoralarining mansabdor shaxslari tomonidan inobatga olinmaydimi?
Advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Tohir Qodirovning bu savolga javobi ko‘pchilik uchun qiziq.
- “Advokatning jamiyatda obro‘si yo‘q, uning fikrlari, qonuniy talablari ko‘p hollarda sud-tergov idoralarining mansabdor shaxslari tomonidan inobatga olinmaydi, advokatga qonun bilan yetarlicha vakolat berilmagan”, qabilidagi fikrlarni ba’zan advokatlarning o‘zidan eshitib qolamiz. Bu iddaolarga munosabatingiz.
- Advokatlik obro‘li kasb emas, degan fikrga qo‘shilmayman. Bu hamisha har yerda nufuzli kasblardan biri bo‘lgan.
Ha, asosli va qonuniy talablarimiz, iltimosnomalarimiz tergov va sud idoralari tomonidan rad etilishi hollari bo‘ladi, lekin qonun va tartib-taomillardan bir oz bo‘lsa-da, xabardor mijozlar - biz himoya qilayotgan shaxslar, da’vogarlar, javobgarlar va boshqalar ayb advokatda emas, balki sud va tergov organlarida ekanini yaxshi tushunadi.
Shu bilan birga, professional jihatdan sust, beg‘am advokatlar ham borligini, ular kasbimiz obro‘siga dog‘ tushirayotganini ham tan olaman. Aslida, ishni qabul qilayotgan advokat uni qonun yo‘l beradigan darajada muvaffaqiyatli yakunlashiga ishonchi komil bo‘lishi kerak. O‘ziga bog‘liq barcha chora-tadbirlarni ko‘rishi, amaliyot va tegishli adabiyotlar bilan tanish bo‘lishi, zarur hollarda mutaxassislarni jalb qilishi va konfidensiallikni saqlagan holda tajribali hamkasblari bilan maslahatlashishi lozim. Afsuski, ayrim advokatlar pulga o‘chligi yoki shoshqaloqligi tufayli zimmasiga ortiqcha yuk olib, pirovardida mijozi oldida yuzi shuvut bo‘ladi.
- Shunday bir sharoitda palata oldida turgan vazifalar nimalardan iborat, deb hisoblaysiz?
- Avvalambor, advokatlarimizning kasbiy bilimlarini muttasil oshirib borish choralarini ko‘rishimiz kerak. Negaki, qonunlarga kiritilayotgan o‘zgarishlarning odamlarga foydasi tegishi uchun professional advokat ularni amaliyotda qo‘llay bilishi, qat’iyat bilan talab qila olishi shart. Aks holda, qonunlar ishlamay qolaveradi.
Yana bir vazifamiz - advokatlarni doimiy “qurollantirib borish” choralarini ko‘rish, ya’ni ularni uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlash.
Yoqubjon Marqayev suhbatlashdi.