Muammo advokatda emas, sud-huquq tizimida. Yoki prokurorning sud binosiga bemalol kirib-chiqishini cheklash kerak emasmi?
Har qanday odam biror ko‘ngilsizlikka duch kelganda, himoyalanish huquqiga ega. Ammo ayrim holatlar borki, bunda tabiiyki, malakali huquqiy yordamga ehtiyoj seziladi.
Shu ma’noda, advokatura, jumladan, advokatning o‘rni, xizmati jamiyat hayotida muhim ahamiyatga ega. Biroq tabiiy savol tug‘iladi, bugun Samarqandda mazkur institutning roli qanday bo‘lyapti? Soha rivojida qanday muammolar bor?
Mazkur savollar bilan Advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Tohir Qodirovga murojaat qildik.
- Tohir aka, amaldagi tartibga ko‘ra, advokatlik litsenziya talab qilinuvchi faoliyat turlaridan biri hisoblanadi. Avvalo, litsenziya kim tomonidan va qay tartibda berilishi haqida aytib o‘tsangiz.
- Tegishli qonun hujjatlariga asosan advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziya adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar Adliya boshqarmalari tomonidan Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalarining qarori asosida beriladi.
Litsenziya olib, advokat maqomiga ega bo‘lish uchun talabgor shaxs yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yil ish stajiga ega bo‘lishi, shu jumladan, advokatlik tuzilmalarining birida kamida uch oy stajirovka o‘tagan hamda malaka imtihonini topshirgan bo‘lishi shart.
Malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan shaxs litsenziya olish uchun adliya organiga malaka imtihoni topshirgandan keyin uch oy ichida murojaat qilishi belgilangan.
- Nazarimda, Samarqand viloyatida o‘tkir, o‘z ishining ustasi bo‘lgan advokatlar kam deb o‘ylayman. Boshqacha aytganda, soha vakillarining jamiyatdagi o‘rni sezilarni darajada o‘zgarmayapti. Bunga misolni birgina advokatlarning soni o‘smayotganligidan ham ko‘rish mumkin.
- Fikringizga qo‘shilmayman. Chunki viloyatimizda o‘z ishining ustasi, o‘tkir, yuqori kasb mahoratiga ega bo‘lgan hamda bir qancha jinoyat ishlarida qatnashib, oqlov hukmlari chiqarilishiga erishgan, fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy ishlardagi yaxshi yutuqlari bilan obro‘-e’tibor qozongan ko‘plab advokatlar xizmat qilmoqda.
Misol uchun, viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan advokatlarning 65 foizi avval boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarda faoliyat ko‘rsatgan. Ya’ni, ishonch bilan ayta olamanki, advokatlarimizning katta qismi tajribali va bilimli huquqshunoslar.
Bundan tashqari, advokatlarimiz safi oldingi yillarga qaraganda sezilarli darajada kengaydi. Chunki o‘tgan yili viloyatimizda 70 nafar talabgor malaka imtihonini topshirib, advokat maqomiga ega bo‘ldi. Ahamiyatlisi, ulardan 60 nafari ilgari tergov, sud, prokuratura, bojxona sohalarida ishlagan, katta yuridik bilim va tajribaga ega kishilardir.
O‘tgan yili respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan 4800 nafar advokat orasida yagona - Samarqand shahar “Temiryo‘l” advokatlar hay’atining advokati Muhabbat Abdurahmonova Prezidentimiz farmoniga asosan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangani ham viloyatimizda advokaturaning nufuzini ko‘rsatib turibdi.
Aslida, keyingi paytda advokatlar yetishmaydi, degan masala ko‘tarilib qoldi. Haqiqatan ham aholi jon boshiga qiyoslaganda, advokatlar juda kam. Masalan, bugungi kunda viloyatimizda mavjud 15 ta advokat hay’ati, 27 ta advokatlik firmasi, 46 ta advokatlik byurosida 420 nafardan ko‘proq advokat (shundan 105 nafari ayol) faoliyat olib bormoqda. Lekin bu advokatlar yetishmayapti, degan xulosani keltirib chiqarmaydi.
- Xo‘sh, sizningcha, asl muammo nimada?
- Konstitutsiyamizda malakali himoya kafolatlangan, uni amalga oshirish esa advokatura zimmasiga yuklatilgan. Malakali himoyani amalga oshirish uchun, tabiiyki, advokatlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti yaratilishi kerak. Buning uchun sohaga yosh, bilimli kadrlar kirib kelishiga keng imkoniyatlar yaratish lozim. Bizda esa yosh advokatlarning kasbga kirib kelishiga qonun bilan to‘siq qo‘yilgan.
Viloyatimizda 30 yoshgacha bo‘lgan advokatlar 2 nafar, 70 yoshdan oshgan advokatlar esa 18 nafar ekanligi ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Umidlantiradigan jihat shuki, advokaturadagi ayrim muammolarni tizimli hal qilish maqsadida sohaning jozibadorligini oshirish va advokatlik kasbini egallash mexanizmini yengillashtirish borasida islohotlar boshlangan. Misol uchun, ish stajiga bo‘lgan talablarni yumshatish, ortiqcha qog‘ozbozlik, litsenziya berish tizimini takomillashtirish kabi masalalar tegishli tartibda ko‘rib chiqilyapti. Bundan tashqari, joriy yil davlat dasturida ham advokatura tizimini rivojlantirish, uning protsessual maqomini kuchaytirish, fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilishdagi rolini oshirish masalalari belgilangan.