Advokatura rivojida to‘siq bo‘layotgan, yechimi hududiy boshqaruv organlari bilan bog‘liq muammolar bor

Bu haqda Advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Tohir Qodirov fikri qanday

- Darhaqiqat, shunday. Misol uchun, tajribali va yuqori malakaga ega advokatlar o‘zlari yashaydigan mahalla fuqarolar yig‘inida bepul xizmat ko‘rsatish uchun shartnoma imzolab, shanba va yakshanba kunlari aholiga qulay paytda og‘zaki maslahatlar berib kelmoqda, - deydi T.Qodirov. - Lekin ayrim mahalla fuqarolar yig‘inlari talab darajasidagi bino va inshootlarga ega emas. Aksariyat mahallalar xususiy sektorga tegishli yoki moslashtirilgan binoda o‘zlari qiyinchilik bilan faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Hududiy boshqarma tomonidan tuman va shahar hokimliklariga advokatlik tuzilmalari ish yuritishi uchun sharoit yaratish, yer maydonlari ajratish masalasida bir necha marta murojaat qilganmiz. Afsuski, bu hech qanday natija bergani yo‘q. Vaholanki, Prezidentning 2008 yil 1 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida advokatura institutini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan advokatlik tuzilmalariga yer ajratish, bino va inshootlar bilan ta’minlash masalasi alohida belgilangan edi.

- Joriy yilda muayyan advokatlik xizmatini ko‘rsatganlik uchun byudjetdan pul ajratish rejalashtirilgan. Bu yangilik joriy qilinishiga nima sabab bo‘ldi?

- Aslida advokatlik xizmati uchun byudjetdan pul ajratilishi yangilik emas. Chunki shu paytgacha har yili ham advokatlar xizmati uchun ayrim toifadagi ishlarda qatnashganligi uchun davlat byudjetining xarajatlari parametrlarida mablag‘lar ajratilgan. Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 20 iyundagi “Advokatlar tomonidan ko‘rsatilgan yuridik yordam uchun davlat hisobidan haq to‘lash mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va unga keyinchalik kiritilgan o‘zgartirishlarda bu borada aniq normalar belgilangan.

Surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori, sudning ajrimi bilan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga advokat tomonidan yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha xarajatlar davlat hisobiga o‘tkaziladi (lekin fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlarda advokatlar qatnashganligi uchun davlat hisobidan mablag‘ to‘lanishi ko‘zda tutilmagan).

Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlarda ham qatnashganliklari uchun advokatlar xizmatiga tegishli sudning ajrimiga asosan xarajatlar davlat byudjeti hisobidan qoplanishi to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritildi.

- Islohotlar haqida ancha ijobiy fikrlar bildirdingiz. Ammo baribir sud-huquq tizimini idealdan uzoqligini inkor etmasangiz kerak, albatta. Sizningcha, ayni payt­da tizimda qanday og‘riqli muammolar mavjud va ularni bartaraf etish uchun qanday takliflaringiz bor?

- To‘g‘ri, sud idoralari faoliyatini hali risoladagidek deb bo‘lmaydi. Tizimli muammolar topiladi. Oddiy misol, advokatlar va boshqa sud ishtirokchilari ko‘pincha sud majlislari boshlanishini kutib qoladi. Sudyalar advokatlar va ish bo‘yicha taraflarni atay kuttiradi, demoqchi emasman, ish vaqtida ko‘rilishidan sudya ham manfaatdor, albatta. Ayrim vaqtlarda ish sudyaning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablar bilan cho‘zilib ketishi mumkin. Menimcha, sudlarda ana shu holatlarni inobatga olib, ishlarni to‘g‘ri tashkil qilish kerak.

Bundan tashqari, advokatura sohasining va advokatlik kasbining obro‘sini oshirish yuqori minbarlardan aytilayotgan bir paytda sudlar ma’muriy binosiga prokurorlarning bemalol kirib chiqishiga barham berishi kerak. Chunki advokat mijoz, ularning yaqinlari, guvohlar va boshqa kishilar bilan sud majlisi boshlanishini kutib turgan bir paytda prokuror yoki prokuratura vakilining sud binosiga bemalol yo‘l olishi yoki sudyalarning xizmat xonasiga kirib chiqishi advokatni sud protsessi ishtirokchilari oldida noqulay ahvolda qoldiradi. Shuningdek, bu sudga nisbatan hurmatsizlik ham hisoblanadi. Bu sudyaning mustaqilligi, xolisligi va u chiqargan qarorning qonuniy va adolatliligiga soya soladigan voqelik.

(Davomi bor)