Advokatura faoliyati qachon raqamlashtiriladi?
Advokatlar palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i T.Qodirov bu haqda Zarnews.uz ga ma’lum qildi.
Prezidentimizning joriy yil 30 maydagi “Advokatura faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, tizim faoliyatida bir qator islohotlar amalga oshirilishi belgilandi. Fuqarolarga yuridik xizmat ko‘rsatishda sansalorlik, byurokratiya hamda qog‘ozbozlikka chek qo‘yish, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari bilan hamkorlikni integratsiyalash vazifalari shular jumlasidan.
Hujjatga muvofiq, 2023 yilning 1 yanvaridan advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi uchun litsenziya berish talabgor tomonidan malaka imtihonini topshirishning amaldagi tartibi saqlangan holda “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi belgilandi. Bu tadbir malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgorning advokatlik litsenziyasini olish uchun tegishli adliya organiga murojaat qilishiga hojat qoldirmaydi. Ya’ni, u tegishli hujjatni istagan vaqtida “Litsenziya” axborot tizimi orqali olishi mumkin bo‘ladi. Albatta, litsenziyaning amal qilishi to‘xtatib turilgan yoki tugatilgan holatlar ham mazkur axborot tizimda qayd etib boriladi.
Shuningdek, qaror bilan 2023 yildan boshlab advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish YaIDXP orqali amalga oshirilishi belgilandi. Bunda advokatlar malaka imtihonini topshirish, litsenziya olish va advokatlik byurosini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha xizmatlarni kompozit shaklda olishi mumkin bo‘ladi.
Sohani raqamlashtirishdagi yana bir katta loyiha Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Yuridik yordam” axborot tizimi hisoblanadi. 2023 yilning 1 yanvar sanasidan ishga tushirilishi belgilangan mazkur tizim doirasida advokatlar elektron reyestri va shaxsiy elektron kabineti shakllantiriladi. Natijada ular shaxsiy elektron kabineti orqali jismoniy va yuridik shaxslar bilan onlayn muloqot qilishi, elektron raqamli imzodan foydalangan holda ishonch bildiruvchi shaxs xohishiga asosan, masofadan yuridik yordam ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, yagona tizim advokatura, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari o‘rtasida elektron hujjatlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, advokat so‘rovi va boshqa zurur hujjatlarni elektron shaklda yuborish imkonini beradi. Tizim faoliyatini boshlasa, davlat hisobidan ishga jalb etiladigan advokatlar ham elektron tartibda, tasodifiy tanlash yo‘li bilan aniqlanadi.
Qarorga ko‘ra, 2023 yilning 1 fevralidan “Elektron advokatlik orderi” amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. O‘z navbatida advokat so‘rovi shakliga qo‘yilgan talablar, shu jumladan, unga orderning ko‘chirma nusxasini ilova qilish, orderni qayd etish daftarini yuritish singari talablar bekor qilinadi. Order qog‘oz shaklda rasmiylashtirilgan taqdirda, ma’lumotlarni “Yuridik yordam” axborot tizimiga kiritish majburiy bo‘ladi.