Afg‘on elining fig‘onlari
“Al-asmou tanzilu min as-samo” (Ismlar osmondan tushadi), deyiladi muqaddas bitiklardan birida. Bu haqda ulug‘ mutafakkir shoir Alisher Navoiy hazratlari “Farhod va Shirin” dostonida qalam yuritib, ismlar shunchaki qo‘yilmasligi, nom albatta, u yoki bu odamning taqdirida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi haqida yozganlar. Yon qo‘shnimiz Afg‘oniston haqida gap ketganida, mutafakkir shoirning ushbu fikrlari nafaqat kishilar nomi, balki boshqa holatlarda ham, shubhasiz to‘g‘ri ekanligiga ishonch hosil qilmay ilojimiz yo‘q. Nega desangiz, “afg‘on” kalimasi arab tilidagi “fig‘on” so‘zining ko‘plikdagi shakli bo‘lib, alam, fig‘on, g‘am, oh, notinchlik so‘zlarining ma’nosini o‘zida aks ettirsa, ne ajab...
Darhaqiqat, bu jannatmakon diyor mana, yarim asrdirki, notinch. Bugungi kunda jahon ayvonidagi katta davlatlar va mafkuralar manfaatining halokatli girdobiga tushib qolgan bu mamlakat yana alam, fig‘on, g‘am, oh va nochorlik komiga tortilyapti.
Xo‘sh, dunyoning og‘zi katta jahongirlari bu sho‘rpeshona, bechora xalqdan nimani istayapti? Ma’lumki, hayotni ikki muhim omil boshqarib, yo‘naltirib turadi. Ulardan biri yuqorida aytganimiz – manfaat bo‘lsa, ikkinchisi – qo‘rquv. Afg‘onistonning tevarak-atrofidagi uzoq-yaqin qo‘shnilarning barisida mana shu ikki tuyg‘u mavjud. Aytaylik, bugungi kunda afg‘on mojarosiga faol aralashayotgan Pokistonni olib ko‘radigan bo‘lsak, bu mamlakat o‘zidagi asrlardan buyon boshog‘riq bo‘lib kelayotgan pushtunlar muammosini Afg‘oniston hisobiga hal qilib olishni istaydi. Aks holda, pushtunlarda Pokistonning kattagina qismi – Vaziristonni mamlakatdan ajratib olish iqtidori mavjud. Shu bois ham pokistonliklar bir vaqtlar sovet armiyasiga qarshi tolibon harakatini shakllantirgan va ularni radikal islomiy g‘oyalar bilan qurollantirib, AQSh ko‘magida zamonaviy harbiy aslahalar bilan ta’minlagandi. O‘shandagi o‘zaro mushtarak maqsad Afg‘onistonni sho‘ro qo‘shinlaridan tozalash bo‘lib, bu borada Pokistonning manfaatlari Amerika manfaati bilan mos tushgan edi.
Bundagi ikkinchi o‘yinchi AQSh bo‘lib, u dunyo miqiyosida G‘arb taomilidagi demokratik tizimni mustahkamlab, o‘rni kelganda Afg‘onistonning boy tabiiy resurslaridan foydalanish istagini yashirmaydi. Amerikaning bundagi asosiy qo‘rquvi: Afg‘onistonni terrorchilik uyasiga aylanib ketishidan xavotir qiladi.
Qo‘shni Eronning qiziqishlari ham o‘ziga xos. Avvalo, yon biqinida AQSh ta’siri ostidagi mamlakat bo‘lishini xohlamaydi. Shu bilan birga bu hududda Pokiston va boshqa quvvatli davlatlar ta’siri kuchayishini ham istamaydi. Rossiya esa O‘rta Osiyo respublikalarida radikal islom mafkurasining yoyilishidan xavotirda. Chunki bu holat kelajakda o‘zi uchun ham yangi muammolar paydo qilishini yaxshi anglaydi. Yangi hukumat bilan hamkorlik qilayotgan Xitoy Xalq Respublikasini esa Afg‘onistonning qimmatbaho tabiiy boyliklari va kattagina iste’mol bozori qiziqtiradi. Xitoyning bu boradagi qo‘rquvi bitta: u ham bo‘lsa tolibonni Sharqiy Turkistondagi musulmonlar bilan hamkorlik qilishiga yo‘l qo‘ymaslik. Ularni bunday harakatdan tiyish uchun Xitoy toliblarga har qanday yordamga tayyor. Turkmaniston ham Afg‘onistonda tinchlik bo‘lishidan juda manfaatdor. Nega desangiz, Afg‘oniston turkman gazini Pokiston va Hindistonga quvur orqali eksport qilish uchun eng qulay hudud hisoblanadi. Tojikiston esa Afg‘onistonga elektr energiyasini sotishni istaydi. Ammo tojikistonliklarni toliblarning ichki boshqaruv ishlariga aralashuvi ikki mamlakat orasida muammolar keltirib chiqarish ehtimolini paydo qilishi mumkin.
Bu borada O‘zbekistonning manfaatlari va ehtiyotkorligi haqida gap ketganda, avvalo, Afg‘oniston bizning yon qo‘shnimiz ekanligi va u yerdagi voqealar davlatimizning milliy manfaatlari uchun o‘ta daxldor ekanligini unutmasligimiz kerak. “Qo‘shning tinch – sen tinch”, degan hikmatli so‘z shu o‘rinda alohida ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, mamlakatimiz katta savdo yo‘llaridan ancha ichkarida. To‘g‘ridan-to‘g‘ri dunyo okeaniga chiqadigan suv yo‘llarimiz yo‘q. Aynan ana shu omillar O‘zbekiston tomonining afg‘on muammosiga munosabatini aniq belgilab beradi. Afg‘onistonda tinchlik bo‘lishidan hammadan ko‘ra, biz manfaatdormiz. Ma’lumki, Hind okeani suvlariga olib chiquvchi eng qisqa yo‘l Afg‘oniston orqali o‘tadi. Agar janub tomon yo‘nalgan temir yo‘llarimiz kelajakda qurilajak "Mozori Sharif – Hirot – Kobul – Peshavar" temir yo‘li bilan tutashadigan bo‘lsa, dengiz portlariga chiqishimiz masofasi ikki-uch barobar qisqargan bo‘lardi. Shu bois bo‘lsa kerak, yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturlariga ushbu mamlakat bilan munosabatlarimizni yaxshi qo‘shnichilik asosida qurishimiz lozim ekanligi haqida alohida ta’kidlab o‘tgan. Endi afg‘onlarning o‘z yurtida qanaqa siyosat yurgizishi ularning mutlaqo o‘z ichki ishlari hisoblanadi. O‘zga davlatlarning ichki ishlariga aralashuv xuddi boshqa oilaning ichki muammolariga aralashish singari yoqimsiz, balki keraksiz mashg‘ulotdir.
Endi maqolamiz boshida aytilgan Afg‘oniston atamasi haqida yana to‘xtaladigan bo‘lsak, mamlakat nomini Avg‘oniston, deya qayta nomlansa, to‘g‘riroq bo‘lardi. Nega desangiz, bu mamlakat nomini afg‘on so‘ziga hech qanday aloqasi yo‘q. Bizning Markaziy Osiyo xalqlarining tilida avg‘o atamasi mavjud. Bu forscha "ag‘bo" so‘zining buzilgan shakli bo‘lib, "dovon", degan ma’noni ifodalaydi. Shu ma’noda, Afg‘oniston dastlab Ag‘boniston, ya’ni dovonlar mamlakati, deya atalgan bo‘lishi mumkin. Bizning shevalarda hali ham bu mamlakat nomi Avg‘oniston tarzida talaffuz qilinadi. Haqiqatan ham, Afg‘oniston tog‘lar o‘lkasi bo‘lganligi boisi unda behisob dovonlar mavjud ekanligini e’tiborga olsak, mamlakatga o‘sha eski nomini qaytarish lozimga o‘xshaydi. Balki, shunday qilinsa, Afg‘oniston bugungi qayg‘u – fig‘onli muammolaridan xalos bo‘larmidi?!
Xudoyberdi KOMILOV,,
“Zarafshon”ning siyosiy sharhlovchisi.