Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Mo‘g‘ulistonda "abadiy muzliklar" maydoni qariyb 40 foizga qisqargan. Ispaniyada yana halokatli toshqinlar kutilmoqda
🔹 AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Oq uydagi uchrashuvda amaldagi prezident Jo Bayden bilan suhbatda Ukrainadagi mojaro va Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qilgan. Bu haqda u New York Post gazetasiga bergan intervyusida aytdi. Tramp Bayden bilan bu ikki mavzuda ularning qarashlari bir xil emasligini ta’kidladi.
🔹 Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Britaniyaning The Times gazetasining “Kiyev 1945 yilda Nagasakiga tashlangan qurolga o‘xshash oddiy qurolni tezda yaratishi mumkin”, degan da’vosiga izoh berdi. “Ukraina "Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma"ga amal qiladi. Biz yadro quroliga ega emasmiz, ishlab chiqmaymiz yoki yaratmoqchi emasmiz. Ukraina MAGATE bilan yaqindan hamkorlik qiladi va uning monitoringi uchun mutlaqo shaffofdir”, deyiladi TIV bayonotida.
🔹 Braziliyada mamlakat Oliy sudi binosi yonida ikkita portlash sodir bo‘ldi, natijada bir kishi halok bo‘ldi. Voqea G20 sammitiga sanoqli kun qolganida sodir bo‘lmoqda.
🔹 Donald Trampning AQSh prezidenti etib saylanishi Janubiy Koreyani Ukrainaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurol jo‘natish imkoniyatini qayta ko‘rib chiqishga undamoqda. Janubiy Koreya hukumati Kiyevga halokatli yordam jo‘natmaslik haqidagi siyosatini o‘zgartirish yoki yangilash to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun endi Trampning pozitsiyasini hisobga olishi kerak, deydi "Bloomberg".
🔹 Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi falastinlik qochqinlar lagerlari va gumanitar hududlarga hujum qilmoqda.
🔹 Yaponiya va Buyuk Britaniya iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlar uchun yangi formatni yo‘lga qo‘yish niyatida. Shuningdek, Donald Tramp boshchiligidagi yangi AQSh ma’muriyati bilan savdo muzokaralarida hamkorlik qiladi.
🔹 Qirg‘izistonning sobiq bosh vaziri, yirik MBank egasi Omurbek Babanov G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tish sxemalari orqali Kremlni qo‘llab-quvvatlaganlikda gumon qilinmoqda. Ayni damda Babanov vakillari sanksiyalarni chetlab o‘tish bilan bog‘liq sxemalarga aloqadorligini rad etishmoqda.
🔹 Zelenskiyning idorasi saylovlarni 2025 yilda o‘tkazish ehtimolini rad etdi.
🔹 Rossiya korxonalari Hindistondan migrantlarni yollay boshladi. OAVga ko‘ra, endi chet elliklar "qo‘lga" 70 ming rubl maosh olishadi va "bundan kamini tan olmaydi". 1 yanvardan esa kompaniyalar ish haqini 100 ming rublgacha oshirishi kutilmoqda. Aytish joizki, Rossiyadan bir yil oldingiga nisbatan 45 foiz ko‘proq muhojirlar chiqarib yuborilgan.
🔹 Tramp AQSh Konstitutsiyasini chetlab o‘tib, uchinchi prezidentlik muddatiga harakat qilishini aytdi. Ma’lumki, AQSh Konstitutsiyasiga ko‘ra, bir shaxs ketma-ketmi yoki tanaffus bilanmi ikki marta davlat rahbari etib saylanishi mumkin.
🔹 Ispaniyada yana suv toshqinlari kutilmoqda. Qirollikning janubi va sharqida yog‘ingarchilik tufayli ogohlantirish darajasi maksimal –o‘ta xavfliga ko‘tarilgan. Oktabr oyi oxirida kuchli yomg‘irlar Ispaniyada keng ko‘lamli suv toshqinlariga sabab bo‘ldi. 200 yuzdan ziyod kishi halok bo‘lgan.
🔹 Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiin Xurelsux ilmiy ma’lumotlarga asoslanib, so‘nggi 80 yil ichida mamlakatdagi abadiy muzliklar maydoni qariyb 40 foizga qisqarganini aytdi. Mo‘g‘ulistonning umumiy suv resurslarining 10,5 foizini tashkil etuvchi abadiy muzliklar qisqarishda davom etmoqda.