Afrosiyob – jasorat timsoli

Moziydagi hayot izlari

Samarqand shahri qadimiy So‘g‘d davlatining poytaxti sifatida shonli tarixga ega. Adolatli boshqaruv, shaharsozlik, hunarmandchilik madaniyati bilan o‘zbek davlatchiligining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan ushbu kentning kuch-qudrati, hukmdorlarni o‘ziga jalb etib kelgan boyliklari tarixchi-solnomachilar tomonidan ko‘p bora e’tirof etilgan. Asos solinganiga 27 asrdan ko‘p bo‘lgan Samarqandning o‘tmishi sirli va suronlidir. Dunyo tarixida Afrosiyob nomi bilan dovrug‘ qozongan, ne-ne fotihlar ko‘z tikkan maskan bugungi Samarqand shahrining o‘tmishdoshi, xalqimizning ozodlik, erk yo‘lidagi jasorati timsolidir. 

Samarqand haqida bir qancha ko‘rsatuv va hujjatli filmlar yaratgan bo‘lsam-da, shaharning 2750 yillik yubileyi oldidan arxeologlar olib borayotgan ilmiy izlanishlar bilan yaqindan tanishish men uchun g‘oyatda hayajonli va unutilmas voqea bo‘lgan. 

Tarix fanlari doktori, taniqli arxeolog Muhammadjon Isomiddinov Samarqand shahrining o‘tmishdoshi bo‘lgan Afrosiyobda o‘tkazilayotgan ilmiy izlanishlar, qazishmalar samarasi, noyob topilmalar haqida deyarli har kuni gapirib berardi (hozir olim Farg‘onada yashab, o‘z izlanishlarini ona yurti tuprog‘ida tolibi ilmlar bilan davom ettiryapti). Arxeologlar ishiga qiziqishim yanada ortib, qadimiy shahristonga ijodiy safarga otlandim. 

Isomiddin aka bilan izma-iz qadim saltanat xarobalari bo‘lgan tepaliklarga ko‘tarilamiz. Qiyaliklardagi ilon izi so‘qmoqlar orqali butun Afrosiyobni kezib chiqish mumkin. Bir necha asrlar oldin zavol topgan shahristonning har qarich yeri uzoq tarix tilsimi. Zafarli kurashlar, beayov qirg‘inlar tufayli o‘t ichida qolgan shahar, mudofaa devorlari yer bilan bitta bo‘lib huvillab yotgani kishida noxush his uyg‘otadi. 

– Bu yerda bir zamonlar hukmdor arki, saroylar, qo‘shhovuzli bog‘lar, shahriston, mudofaa devorlari yuksalib turgan, qudratli davlat saltanati bo‘lgan, – deydi M.Isomiddinov. – 219 gektarni egallagan Afrosiyob shahri birin-ketin qurilgan to‘rtta mudofaa devoridan iborat bo‘lib, uning birinchi mudofaa devori bilan to‘rtinchi mudofaa devori eng qadimgilari hisoblanadi. Ya’ni, shaharga dastlabki asos solingan paytdayoq uning shimoliy qismi shaharning boshqa qismlaridan alohida devor bilan ajratib olingan. Bu shahar hokimi yoki So‘g‘d davlati podshosining qarorgohi vazifasini o‘tagan. Shaharning ikkinchi devori ilk o‘rta asrlarda va uchinchi devori sal keyinroq qurilgan.

Tili boshqa – dili boshqalar...

Muhammadjon akadan Afrosiyobda dastlab arxeologik qazish ishlarini kimlar boshlagani, ilmiy izlanishlar qachondan buyon boshlangani, qanday ashyoviy dalillar yuzaga chiqqanini bilishga qiziqaman. 

– Umuman olganda, Samarqand va Samarqand So‘g‘di tarixini o‘rganishni uch bosqichga bo‘lish mumkin, – deya tushuntira boshlaydi olim. – Bu yerlarga dastlab Afrosiyobni o‘rganish istagida bo‘lgan rus olimlari, sharqshunoslar hamda harbiylar kelgan. Ularning sarguzashtlari ham qiziq. 1841 yilda Buxoro xonligiga kelgan N.Xanikov Afrosiyobni o‘rganib, Samarqandni topografik xaritaga tushirgan dastlabki kishidir. Yurtimiz rus imperiyasi tomonidan bosib olingandan so‘ng Afrosiyobda qazish ishlari jadallashgan. Afsuski, asosan harbiylar tomonidan olib borilgan bu izlanishlar boylik orttirish maqsadini ko‘zlagan. Keyinchalik V.Krestovskiy degan kishi qazishma ishlarida qo‘llagan arxeologik metodlar talabga javob bermasa-da, Afrosiyobda ellinizm davriga oid qatlamga duch kelgan. 1883 yilda taniqli sharqshunos N.Veselovskiy arxeologiyadan yiroq bo‘lsa-da, to‘rt oy ichida juda tezkor ishlagan va 109 joyni kavlab tashlagan. Shunga qaramay u tuzgan topografik xarita keyinchalik ish berdi.

1894-1895 yillarda Afrosiyobda fransiyalik Shaffanjan degan kimsa qazishma deyishga til bormaydigan ajabtovur va vayronkor uslubdan foydalangan. U qadimiy shaharning madaniy qatlamini portlatib, ko‘plab tarixiy ashyolarni qo‘lga kiritgan. Hozirda bu qimmatli topilmalar Parijdagi Gime muzeyida saqlanyapti. Shuningdek, Samarqandda S.Gorshenina, V.Vyatkin tadqiqotlar olib borishgan.1930-1950 yillarda ham qadim shahar tarixini talqin etishga ko‘plab urinishlar bo‘lgan.

XX asrning 60-yillaridan Samarqand va Markaziy Osiyoda arxeologiya sohasiga munosabat sifat jihatidan o‘zgara boshladi. Bu davrda qazishma ishlari nafaqat Samarqand shahri, balki butun viloyat bo‘yicha olib borildi. Afrosiyob davlat qo‘riqxonasiga aylantirildi. 

 

Hamkorlik samaralari

Mustaqillikdan so‘ng arxeologlarimiz butun O‘zbekiston miqyosida ish olib borib, chinakamiga o‘z so‘zini ayta boshlashdi. Bu sohada xalqaro aloqalar yo‘lga qo‘yildi. 

O‘zbekiston – Fransiya qo‘shma arxeologik ekspeditsiyasi rahbari bo‘lgan Muhammadjon akadan bu samarali hamkorlik qachon boshlangani, qanday yutuqlarga erishilayotgani haqida so‘rayman.

– Bu hamkorlik yaxshi niyat va katta maqsadlar bilan 1988 yilda yo‘lga qo‘yilgan edi, – deydi u. – Mustaqillik ilm-fan, o‘z tariximizni chuqur o‘rganish uchun keng va yorug‘ yo‘llar ochdi. Ular ham dastlab arxeologik qazishmalarni dunyoga mashhur tarixiy yodgorlikdan boshlashdi. Bu esa Afrosiyobda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratdi. Fransiyadan tajribali olimlar -akademik Pol Bernar, ular tomonidan ekspeditsiya boshlig‘i Frans Grene, ilmiy xodimlar Klod Rapen, Bertil Lione, geograf Per Jantel va boshqalar bizning arxeologlarimiz X.Oxunboboyev, N.Rahimboboyev, L.Sokolovskaya va I.Ivanitskiy bilan samarali ishlashdi. Siz-u men turgan Afrosiyob, Chelakdagi Ko‘ktepada erishilgan ilmiy yutuqlar bunga bir misoldir. Hamkorlik natijalari Fransiya va boshqa xorijiy davlatlarda nashr etiladigan nufuzli gazeta va jurnallarda e’lon qilinib borilmoqda.

Tarix hukmidagi shahar

Qo‘shnim asli vodiylik bo‘lsa-da, kasb-kori bois qadim u kishiga Afrosiyob, uning so‘qmoqlari, tarixiy kurashlar izini yashirib yotgan tepaliklar qadrli bo‘lgan. "Ko‘p vaqtingizni qadimiy Samarqand shahrini shakllanish jarayonini o‘rganishga bag‘ishlagan kishi sifatida aytingchi, uning obodligi omillari nima edi?", deya so‘rayman.

– Afrosiyob bir zamonlar Samarqand So‘g‘dining poytaxti sifatida o‘zga mamlakatlar hukmdorlari e’tiborini tortgan. Buning sabablari nimada? Birinchidan, qulay va mo‘’tadil iqlim, to‘rt faslning tarovati. Yeri hosildor va yaylovlari ko‘p bo‘lgan. Hatto dehqonchilikning rivoj topgani bois lalmi yerlardan ham yuqori hosil olishga erishilgan. Hashamatli saroylar qurish va ularni bezash, qurol-yarog‘ yasash uchun ham ma’danlarni ishlatishni bilishgan. Oltin, kumush, mis, temir, marmar va ohaktoshlar kabi boyliklar bu zaminda juda serob.

Qadimiy Samarqandni obodligiga zamin yaratgan sug‘orish manbalarini o‘rganib chiqqanman. Ayniqsa, bu diyorga tog‘lardan tushib, hayot bag‘ishlab turgan soy va daryolarning ko‘pligi dehqonchilikning rivojlanishida qo‘l kelgan. Shahar hududidagi buloqlar qaynab turgan. Zarafshon daryosi, Darg‘om, Bulung‘ur, Siyob kabi 100 kilometr uzunlikdagi kanallar qazilgach, 70 ming gektardan ortiq yerda dehqonchilik qilish imkoniyati tug‘ilgan. Bu esa qadimiy Afrosiyob, butun Samarqand So‘g‘dining gullab-yashnashi va obodligiga sabab bo‘lgan. Afrosiyob chinakamiga ajdodlarimizning hayotga muhabbati, yurtni sevish, uni asrash, vatanparvarlik jasorati timsolidir.

Men, kasbimni yaxshi ko‘raman. Yurtimni sevaman. Samarqand esa O‘zbekistoning durdonasi. Aytganingizdek, Afrosiyobda ko‘p ishladim. Unga ruhiy jihatdan juda yaqinman. Shaharning kuygan bag‘ri, malham istab yotgan tuprog‘i bilan gaplashishimizga to‘g‘ri keladi. Ishimiz shunaqa...

Bugun Afrosiyob saltanati osuda uyquda. Tarixning hukmida. Uning tinchini ba’zi-ba’zida arxeologlar, biz kabi ijodkorlar, muxbirlar, sayyohlar va bir-birini quvib yurgan bolalar buzib turishadi. Vaqt topsangiz, siz ham shu tepaliklarni kezing, tarix bilan yuzlashing, gaplashing. Zero, tarix saboqlari kelajakni mukammalroq bunyod etishni o‘rgatadi. 

Toshpo‘lat Tugalov, 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi rahbari.