"Agar Putin Ukrainadagi urushni tugatishdan manfaatdor bo‘lsa, u bilan gaplashishga tayyorman": Bayden Rossiya prezidenti bilan muzokaralari to‘g‘risida
AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushni tugatishdan manfaatdor bo‘lsa, u bilan muzokaralar olib borishga tayyorligini aytdi. Bu fikrini Bayden Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron bilan uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida bildirgan.
“Agar Putin haqiqatan ham urushni tugatish yo‘lini topishdan manfaatdor bo‘lsa, men gaplashishga tayyorman. Ammo hozircha men buni ko‘rmayapman”, — dedi Bayden yaqin kelajakda Rossiya prezidenti bilan muloqotni reja qilmaganini ta’kidlab.
Baydenning so‘zlariga ko‘ra, agar Rossiya urushni tugatishdan manfaatdor bo‘lsa, u holda AQSh prezidenti Fransiya va NATO bo‘yicha boshqa ittifoqchilar bilan maslahatlashuvdan so‘ng muzokaralar stoliga o‘tirishdan mamnun bo‘ladi.
Bayden Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini “nosog‘lom” deb atadi va Putinda urushni tugatishning birgina oqilona yo‘li – Ukrainadan “ketish” deya ta’kidladi. “Ammo u buni qilmoqchi emasga o‘xshaydi. Va buning uchun juda yuqori narx to‘laydi. U Ukrainaning tinch aholisi ishtirokida aqlbovar qilmas qirg‘in uyushtirmoqda”, deya qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.
O‘z navbatida Makronning ta’kidlashicha, yaqin hafta yoki oyda Ukrainadagi vaziyat rivoji Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ehtimoliy muzokaralar vaqti haqida gapirish imkonini beradi. Uning fikricha, ittifoqchilar ham ukrainaliklarni ular uchun nomaqbul bo‘lgan Rossiya bilan murosaga undamasliklari kerak.
Shuningdek, anjuman chog‘ida ikki davlat rahbari AQSh va Fransiya Rossiya hamda Putinni Ukraina va “dunyoning boshqa qismi” bilan urushi uchun javobgarlikka tortishga qat’iy qaror qilganini aytdi. Davlat rahbarlari Kiyevni qo‘llab-quvvatlashini va unga kerak bo‘lgan vaqtgacha yordam berishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.
1 dekabr kuni Kreml yil oxirigacha Rossiya va AQSh o‘rtasidagi aloqalar rejalashtirilmaganini ma’lum qildi. O‘z navbatida, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva Vashington bilan muzokaralardan voz kechilmayotgani, biroq hozircha “hech qanday muhim g‘oyalar yo‘qligini” ta’kidladi.
Vazir, shuningdek, Rossiya Ukraina bilan muzokaralar olib borishga tayyorligini, biroq muloqot uning (Ukraina) aybi bilan amalga oshirilmayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva hech qachon Ukrainadagi vaziyatni hal qilish uchun muzokaralar o‘tkazishni so‘ramagan, biroq “muzokaralar yo‘li bilan” yechim topishdan manfaatdor.
Noyabr oxirida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan har qanday muzokaralar parda ortida emas, oshkora o‘tkazilishi kerakligini aytdi. Uning idorasi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyakning ta’kidlashicha, frontdagi hozirgi vaziyatda muzokaralar boshlanishi Ukraina uchun taslim bilan barobar bo‘ladi.
Kreml tomonidan o‘tkazilgan yopiq ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, hozirda rossiyaliklarning 55 foizga yaqini Ukraina bilan tinchlik muzokaralari tarafdori, bor-yo‘g‘i 25 foizi urushni davom ettirishni istashini bildirgan.