Agrar soha qachon yetakchi tarmoqqa aylanadi?
Qishloq xo‘jaligi tarmog‘i ichki iste’mol bozorini to‘ldirish, narx-navo barqarorligini ta’minlash, aholining sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish bilan birga mamlakat iqtisodiyotida ham muhim o‘rin tutadi. Dunyo davlatlarida ushbu tarmoqqa zamonaviy texnologiyalar joriy etilib, ishlab chiqarishning yetakchi sohalari qatoriga aylangan.
Samarqand viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Zafar ERGAShEV bilan suhbatimiz viloyatimizda tarmoqni yanada rivojlantirish istiqbollari xususida bo‘ldi.
- Respublikamizda keyingi yillarda boshqa tarmoqlar kabi qishloq xo‘jaligi sohasi ham jadal rivojlanib bormoqda, - deydi Z.Ergashev. - Bugungi kunda sohani yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, eksport salohiyatini oshirish eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib, hukumat tomonidan ushbu yo‘nalishda aniq vazifalar belgilab berilgan.
Aholining sifatli, arzon oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va ichki bozorda narx-navo barqarorligini ta’minlash dolzarb masalaga aylandi. Ushbu masalani hal qilish borasida viloyatda bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, joriy yilda 13 ta qayta ishlash va 18 ta sovutkichli omborxona loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 2 ta qayta ishlash va 8 ta sovutkichli omborxona ishga tushdi.
Chorvachilik tarmoqlari bo‘yicha qiymati 436,8 milliard so‘mlik 145 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Xususan, qoramolchilikda 53, qo‘ychilikda 8, parrandachilikda 40, quyonchilikda 14 va baliqchilikda 30 ta loyiha hayotga tatbiq etilayotir. Buning natijasida qo‘shimcha 4,3 ming bosh naslli chorva mollari, 2 ming bosh qo‘y, 8,5 ming bosh quyon, 3,2 million bosh parranda parvarishlanmoqda, 89 gektar maydonda baliqchilik havzalari tashkil qilinadi.
Shuningdek, viloyatimizda bog‘dorchilik, uzumchilikni rivojlantirish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, sovutkichli sig‘imlar, agroklasterlar tashkil qilishni o‘z ichiga olgan 535,6 million so‘mlik 28 ta yangi loyiha ishlab chiqilgan.
Loyihalar tashabbuskorlarning o‘z mablag‘i, bank krediti va Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida xorijiy kreditlar hisobidan moliyalashtirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarni ishga tushirish hisobidan 841 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
- Pandemiya davrida qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni keng jalb qilish va sohani intensiv rivojlantirish bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda?
- Joriy yilda viloyatimizda fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jalik tashkilotlari tomonidan 92,7 ming gektar yerda, dehqon xo‘jaliklari va aholi xonadonlarida 78,7 gektarda poliz-sabzavot, kartoshka, meva, uzum yetishtirilmoqda. Viloyatning deyarli barcha tumanlarida intensiv bog‘dorchilik yo‘lga qo‘yildi. Kattaqo‘rg‘on tumani baliqchilikka ixtisoslashtirilib, yil oxiriga qadar 5 gektar intensiv suv havzalari ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, resurslarni tejash, hosildorlikni ko‘tarish va qo‘l mehnatidan foydalanishni kamaytirishga e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yilda tumanlardagi 10 ta paxta-to‘qimachilik klaster korxonalari tomonidan 31 dona 4 xil turdagi zamonaviy paxta terish mashinalari keltirilib, ish boshladi. Tajribalar va hisob-kitoblardan kelib chiqqan holda 10 gektardagi paxta hosilini terib olish uchun o‘rtacha 36,7 million so‘m sarflanadi. Shuncha maydondagi hosil paxta terish mashinasi yordamida terilganda xarajat 26,2 million so‘mni tashkil etadi. Bundan tashqari, qo‘l kuchi va ortiqcha tashkiliy ishlarga ehtiyoj qolmaydi.
G‘alla ekish uchun Turkiyada ishlab chiqarilgan yuqori unumli aniq ekish seyalkalari xarid qilindi. Viloyatda 2021 yil hosili uchun ochiq maydonlarga g‘alla faqat zamonaviy seyalkalar yordamida ekiladi.
- Isroil, Turkiya davlatlarida suv tejovchi texnologiyalar yordamida paxtaning gektaridan 50-70 sentnergacha, pomidordan 500 sentnergacha hosil olinadi. Yerimiz unumdor, shunday texnologiyalardan foydalanayotgan bo‘lsak-da nega bizda hosildorlik hamon past?
- Tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida qishloq xo‘jalik ekinlarini parvarishlash yurtimizga kirib kelganiga ko‘p bo‘lmadi. Paxta yetishtirishda bu texnologiyadan 2018 yildan boshlab foydalanyapmiz va tan olishimiz kerak, bu borada mahalliy mutaxassislar juda kam, bu esa natijaga ta’sir etmay qolmaydi. Shunday bo‘lsa-da, ayrim joylarda hosildorlik jahon ko‘rsatkichlariga yaqinlashdi. Hozirda viloyatimizdagi 21 ming 599 gektar maydon tomchilatib, (6067 gektar paxta, 10 ming 853 gektar bog‘, 2768 gektar uzum ), 120 gektar maydon (sabzavot va boshqa ekinlar) yomg‘irlatib sug‘orilmoqda. Joriy yilda 4788 gektar maydonda 95,3 milliard so‘mlik suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatishni rejalashtirgandik, amalda esa bugungi kungacha 5714 gektarda (rejaga nisbatan 119 foiz, 2019 yilga nisbatan 1408 gektarga kam) shunday zamonaviy texnologiyalar joriy etildi.
Misol uchun, Narpay tumanidagi "MAROQAND SIFAT" mas’uliyati cheklangan jamiyati paxta-to‘qimachilik klasteri tomonidan biriktirilgan paxta maydonida 2019-2020 yillarda 2006 gektar yerda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilindi. Tumanning suv borishi og‘ir bo‘lgan hududlarida o‘rnatilgan texnologiya yordamida o‘rtacha 20-25 sentner hosil olinadigan maydonlardan hozirda 30-35 sentner paxta yetishtirilmoqda.
2021 yilda 21 ming 474 gektar maydondan suv tejovchi sug‘orish texnologiyasi amalga oshirilishi mo‘ljallanmoqda.
- Bu yil g‘alladan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekin ekib daromad olish maqsadida kam ta’minlangan fuqarolarga yer va kredit asosida kartoshka urug‘lari berildi. Ammo xorijdan keltirilgan urug‘ning narxi qimmat va aksariyati sifatsiz chiqdi. Buning sababi nimada?
- Joriy yilda g‘alladan bo‘shagan 10 ming 128 gektar maydonda takroriy ekin sifatida kartoshka ekildi. Jumladan, xorijdan keltirilgan 8946 tonna urug‘ 2982 gektar maydonga ekilgan edi. Kartoshka urug‘lari keltiruvchi importyorlar bilan shartnoma tuzish bo‘yicha viloyat tashkilotlaridan markazlashgan taklif yoki tavsiya tumanlarga berilmagan, importyorlar hududlarda mustaqil tanlanib, shartnomalar tuzilgan.
Jumladan, “Samarqand kartoshkachilik markazi”, “Bananza Treyd Eksport”, “Sho‘rchi-Agro-Tayyorlov”, “Abirkul agro tayyorlov”, “Samgold” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari va “John Exim Company” kabi korxonalari tomonidan xorijdan kartoshka urug‘lari keltirilgan.
2019 yilda chetdan keltirilgan kartoshka urug‘larining 90 foizga yaqini chirib, fermerlar katta miqdorda iqtisodiy zarar ko‘rgan edi. Bu yil import qilingan kartoshka urug‘ining 406 tonnasi yoki 4,5 foizi chirigan va hosil olishga yaroqsiz bo‘lib chiqdi. Mazkur holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan “Samgold” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV suhbatlashdi.