Agroturizm – istiqbolli soha
Agroturizmning bu turi mohiyati shundaki, bunda sayyohlar tarixiy shaharlardagi obidalarni ziyorat qilibgina qolmay, ma’lum muddat qishloqda yashagan holda mahalliy aholining urf-odatlari, yashash tarzi, an’anaviy qishloq dehqonchiligi, bog‘dorchiligi, hunarmandchiligi, tabiati bilan tanishadilar. Mehnat jarayonlarida ishtirok etadilar. Hordiq chiqarib, qadamjolarni ziyorat qiladilar.
Yurtimizda ham agroturizmni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjud. Ayniqsa, mustaqillik yillarida O‘zbekistonni dunyo taniyotgani, uning xalqaro do‘stlik, madaniy, iqtisodiy aloqalari kengayib borayotgani, so‘lim qishloqlarimiz o‘ziga xos tabiati, u yerda yashovchi xalqimizning mehnati va yashash tarzi, asrlar osha avloddan-avlodga o‘tib, e’zozlanib, sayqallanib kelayotgan umrboqiy an’ana va qadriyatlari xorijlik sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida xalqaro turizmni rivojlantirishga alohida urg‘u berilgan. "Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturida namunali fermer xo‘jaliklarini sayyohlarga xizmat ko‘rsatishga moslashtirish, ularga sayyohlarni jalb etish hamda xorijlik turistlarni mamlakatimizda bo‘lish muddatlarini uzaytirish maqsadida agroturizmni rivojlantirishga doir vazifalar belgilangan.
– Ushbu vazifalardan kelib chiqib, Samarqand viloyatida ham Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan xorijiy sayyohlarning yurtimizda bo‘lish muddatlarini uzaytirish, mahalliy sayyohlar uchun yangi dam olish turlari, jumladan, agroturizmni rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilyapti, – deydi viloyat turizm departamenti boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Dilshod Narziqulov. – Shu maqsadda Samarqand, Toyloq tumanlarida 4 ta namunaviy fermer xo‘jaliklarida dastlabki agroturizm maskanlari tashkil etildi. Masalan, Samarqand tumanidagi "Amirxon noz-ne’matlari" uzumchilik-bog‘dorchilik fermer xo‘jaligida xorijlik 36 nafar, mahalliy 198 nafar sayyoh so‘lim qishloq, aholining yashash va mehnat sharoiti, urf-odatlari, atrof-muhit go‘zalligi bilan tanishdi. Milliy to‘y-tomosha va boshqa marosimlar guvohi bo‘ldi.
Viloyatimizda, jumladan, tumanimizda turizmning bu turi istiqbollari kengligiga o‘z misolimizda guvoh bo‘ldik, – deydi Toyloq tumanidagi fermer xo‘jaligi rahbari Misr Zayniyev. – To‘g‘ri, bu borada hali tajribamiz kamroq. Lekin dastlabki harakatlarimiz ijobiy natija bera boshladi. Yil boshidan buyon 52 nafar xorijlik, 223 nafar mahalliy sayyoh xo‘jaligimizga keldi. Meva-sabzavot yetishtirish, mahsulotni qayta ishlash jarayoni bilan tanishdi. So‘lim tabiat qo‘ynida maroqli dam oldilar.
– Viloyatimizda yil boshidan buyon 151 nafar xorijiy, 767 nafar mahalliy agrosayyoh tashrifi, albatta, kam. Ammo dastlabki harakatlar to‘g‘ri yo‘ldan borayotganimizga ishonchimizni orttirdi, – deydi Samarqand tumani "Ohalik oltin bog‘i" fermer xo‘jaligi rahbari Tohir Sharipov. – Biz ilk bor 200 nafarga yaqin xorijiy va mahalliy sayyohlarni qabul qildik. Ularga sayohatlari mazmuni o‘tishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga harakat qildik.
Ayni paytda viloyatda agroturizmni rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Jumladan, birgina Toyloq tumanida 2018-2021 yillarda 4 ta mehmonxona va sayyohlarni joylashtirish maskanlari barpo etish, investorlarni jalb etish va 50 ga yaqin ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 2021 yilgacha tuman markazida O‘zbekiston mahallasi, Bandi Kushod ziyoratgohi, Ispandi qishlog‘i, Ad-Daromiy ziyoratgohi, Talliota qishlog‘i, Talliota ziyoratgohi atroflarida bir necha mehmonxonalar quriladi.
"Agromir Adas" qo‘shma korxonasida sayyohlar maxsus zalda bu yerda tayyorlanayotgan vino-sharobni tatib ko‘rishlari, "Siyob Shavkat Orzu" fermer xo‘jaligi zamonaviy chorvachilik kompleksida yetishtirilib, shu yerda qayta ishlanayotgan 30 dan ziyod sut mahsulotlari ko‘rgazmasi, "Siyob saxovati" hamda "Big Pet Plast" qo‘shma korxonalari intensiv bog‘larida yetishtirilib, shu yerda qayta ishlanib, ichki bozor va eksportga jo‘natilayotgan quruq meva, murabbo, sharbat mahsulotlari bilan tanishishlari mumkin.
Zarafshon daryosi hududida joylashgan xushmanzara Qunduzak, Qo‘rg‘oncha, Qo‘tirbuloq, Dehqonobod, Zarafshon, To‘qay, Tojikravot qishloqlarida sayyohlar tabiat qo‘ynida dam olish bilan birga, baliq yetishtirish guvohi bo‘ladilar, baliq ovlab, hordiq chiqaradilar.
Xuddi shunday agroturizm ob’yektlari Samarqand, Bulung‘ur, Jomboy va boshqa tumanlarda ham barpo etiladi.
Bunday imkoniyatlar viloyatimizning barcha tuman qishloqlarida mavjud. Ularda agroturizm sayyohlik infratuzilmasi – yo‘llar, ovqatlanishi, savdo, maishiy, tibbiy, aloqa xizmatlari shoxobchalari, ixcham va shinam, ham sayyohlik guruhlari, ham oilaviy sayohatchilarga mo‘ljallangan sharqona va zamonaviy dizayn uyg‘unlashgan mehmonxonalar qurish loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Bu shubhasiz, kelajakda viloyatimizda gastronomik, tibbiyot, ekologik, agro, ziyorat turizmini rivojlanishda yangi ufqlar ochadi.
Tog‘aymurod ShOMURODOV,
Anvar MUSTAFOQULOV.