Ahmadjon Meliboyevdan navbatdagi master-klass yoki Husayn Boyqaromi, sulton Husaynmi?
Amir Temur turk sultoni Boyazid "Agar jang qilmasak xotinlarimiz taloq" degan maktubi tufayli Yildirimni taslim qilgani hanuz boshqacha talqin etilmoqda.
Ustoz jurnalist Ahmadjon Meliboyev Navoiy viloyatida bo‘lib o‘tayotgan mediaforum doirasida tadbir ishtirokchilariga dalillar bilan ishlash borasida katta ilm ulashdi. Xususan, tarix darsliklarida ikki turk hukmdorining mahorabasi sabablari hanuz xato talqin etilayotganini bildirdi. Vaholanki, bu borada Boyazidning Amir Temurga maktubi va Sohibqironning Yildirimga javobi saqlanib qolgan. Buyuk bobokalonimiz "Jangni xohlading, istaganing bo‘ladi", degan.
Umuman, Ahmadjon Meliboyev publitsistikaning bugun yo‘qolib borayotgan maktubot shakli haqida kuyunchaklik bilan to‘xtalib, janrning ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lgan, ayni damda esa faktlarni aniqlashtirishdagi o‘rni haqida qimmatli ma’lumotlar berdi.
A.Meliboyevning ta’kidlashicha, tarixda Husayn Boyqaro bo‘lmagan. Sultonning ismi Husayn bo‘lgan, tamom. Alisher Navoiyning Astrobodga yuborilishi ham vazirlar fitnasi yoki hukmdorning buyuk shoirni surgun qilishi sifatida noto‘g‘ri yoritilyapti. Bu voqelik bo‘yicha sulton Husaynning oq quyunlilar sardoriga yuborgan maktubi bor. Unda sulton Astroboddagi holat tufayli halol, ayni damda diplomat, aqlli boshqaruvchi sifatlariga ega Alisherdan boshqa nomzod topolmaganini qayd etgan. Shu bois, yuragini yulib bo‘lsa-da, do‘stini Astrobodga yuborishga majbur bo‘lganini bitib qoldirgan.
Mediaforum ishtirokchilarining savollariga javob berarkan A.Meliboyev obuna masalasi, xususan, bosma nashrlarni davlat byudjeti mablag‘lari orqali qo‘llab-quvvatlash haqida o‘z fikrini bildirdi.
Ta’kidlanishicha, bu amaliyot rivojlangan davlatlarda keng qo‘llaniladi. Faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, turli fondlar va jamg‘armalar orqali amalga oshiriladi.
Master-klass davomida gazetalarga davlat tomonidan moliyaviy yordam ko‘rsatilishi fikri ma’qullandi.