Ahmadjon Muxtorov muharrirlar arbobi edi
O‘n uch yil davomida (1973 yildan 1986 yilgacha) “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon” gazetasi)ga muharrirlik qilgan Ahmadjon Muxtorov hayot bo‘lganida bugun 87 yoshga to‘lardi.
A.Muxtorov 1986 yildan respublika «Qishloq haqiqati» va «Selskaya pravda» gazetalariga bosh muharrir bo‘lgan. 1991 yil 1 yanvardan “Xalq so‘zi” gazetasi asoschilari qatorida yangi nashrning bosh muharriri vazifasini bajarishga kirishadi.
Publitsistika va jurnalistikada Samarqand maktabini shakllantirgan, tojik va rus tillaridan ko‘plab badiiy asarlarni tarjima qilgan A.Muxtorov 2000 yilda vafot etdi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Olim Toshboyev Ahmadjon Muxtorov jurnalistik faoliyati haqida ocherk yozdi. Quyida ushbu ocherkdan lavha o‘qiysiz.
***
O‘tgan asrning 80-90 yillari o‘zbek matbuotida “A.Muxtorov” degan imzo juda ham mashhur edi. Kimsan – Samarqand viloyatining “Lenin yo‘li” (hozirda “Zarafshon”) gazetasi rahbarligidan to‘ppa-to‘g‘ri Markazqo‘mga bo‘ysunuvchi “Qishloq haqiqati” gazetasiga bosh muharrir bo‘lib kelgan, ko‘p o‘tmay, Oliy Majlis shafe’ligida “Xalq so‘zi” gazetasini tashkil etib, uni ommaga suyumli qilgan ma’lumu mashhur publitsist!..
Tanimaganlar, u kishidagi jiddiylik va qat’iyatni ko‘rib, kattakon arbob deb o‘ylardi.
Haqrost, Ahmadjon Muxtorov muharrirlar arbobi edi!
SSSR xalq deputati Ahmadjon Muxtorovning qizil imperiya minbarlari-yu matbuotida o‘zbek xalqi manfaatini qattiq turib himoya qilgani bugun, ehtimol, kimlargadir arzimas bo‘lib tuyular, ammo o‘sha davrda xalqparvar, jasoratli odamlargina shunday qilganini unutmaslik lozim. O‘zbekiston jurnalistikasi darg‘alaridan bo‘lgan bu insonni mustaqillik tengdoshlari tanimaydi, ammo yoshi ulug‘ ziyolilar “ro‘yi zamin” farzandini hamon hurmat bilan esga oladi.
To‘g‘risini aytsam, bu odamning suhbatida bo‘lmaganman, lekin chiqargan gazetalari, yozgan maqolalarini o‘qib, dovrug‘i doston bu zotni o‘zim uchun kashf qildim. Taassurotlarimni sizga ham aytgim keldi.
Samarqand adabiy muhitida muhri bor Ahmadjon aka Toshkentga – Markazqo‘m gazetasiga mo‘min-qobil dastyor bo‘lish uchungina kelmaydi. Komfirqaning muz qotgan matbuotini eritish, xalqqa yaqinlashtirish chakana gapmi? Menimcha, “jurnalist” so‘zining o‘zagi o‘zbekchasiga “jur’at” bo‘lsa kerak.
1991 yilning ilk kuni O‘zbekiston ma’rifiy hayotiga o‘ziga xos yangilik olib kiradi. Oliy Kengash muassisligida “Xalq so‘zi” gazetasi chiqa boshlaydi (Gazetaning nishona soni 1990 yil 29 oktyabrda bosmadan chiqqan). Cho‘lponning “Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir!” satrini shior qilgan yangi nashr nomini kirill va nasta’liqda yozib, gazetxonlarga yanada tushunarli bo‘lishi uchun yil, oy, kunni milodiy, hijriy qamariy va hijriy shamsiyda ham ko‘rsatib o‘tgan edi.
1989-1991 yillarni o‘zbek jurnalistikasining, jumladan matbuotning oltin davri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. “Yosh leninchi”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetalari, “Yoshlik”, “Yosh kuch”, “Mushtum”, “Fan va turmush” jurnallari yuz minglab nusxada bosilar, matbuot tom ma’noda haqiqat minbari edi. Ana o‘sha nashrlar qatoriga “Xalq so‘zi” gazetasi ham kelib qo‘shiladi. “Qovun-qovundan rang oladi”, deganlaridek, yangi nashr safdoshlaridan ortda qolmaslikka, teppa-teng qadam tashlashga intildi. Gazeta nishona soni bilan xalq tiliga tushib, o‘quvchilari ko‘paygandan-ko‘payadi. Bu muvaffaqiyat o‘sha vaqtda Habib Temir, Anvar Jo‘raboyev, Abdunabi Boyqo‘ziyev, Nabijon Sobir, O‘rinboy Usmon, Jo‘ra Sa’dulla, Muhtarama Ulug‘, Habibulla Olimjon, Tojiddin Razzoq, Ismat Xudoyor, Tohir Doli o‘g‘li, Esirgap Boli kabi ijodkorlar zahmati evaziga kelgan edi.
Xalq orasida “Do‘sting kimligini aytsang, men sening kimligingni aytaman”, degan naql yuradi. Ahmadjon aka atrofiga xuddi o‘zi kabi qalamkashlarni yiqqanida mazkur hikmatli gapni tasdiqlashni o‘ylab ham ko‘rmagan. Bunday uyushuv qalb ehtiyoji, ruh, maslak va g‘oya talabidan kelib chiqqani shubhasiz.
Soyasi bor odam shunday bo‘lar ekan-da! Nomi zikr etilganlarning ko‘pchiligi milliy matbuotimiz sahnasida atoqli bo‘ldi.
“Biz “Zarafshon”danmiz” kitobida taniqli muharrir Ahmadjon Meliboyev “Ahmadjon Muxtorov tinim bilmay, yeng shimarib ishlaydigan, tahrir qalami bir zum to‘xtamaydigan muharrirlardan edi. Bunday muharrirlarni futbolda o‘yinchi-trenerga qiyoslashadi” deb yozadi. Gazeta taxlamlarini varaqlab, yuqoridagi fikr naqadar to‘g‘ri ekaniga iqror bo‘ldim. Rasmiy nashr rahbari xohlasa-xohlamasa turli katta-kichik majlis-muhokamalarda qatnashishi shart. Fikr va ruhning egovi bo‘lgan bunday dahmazalardan, qolaversa, tahririyatning ming bitta tashkiliy-moliyaviy masalalaridan ortib maqolalar bitish…
Rostini aytganda, bu maqolalar o‘zini ko‘rsatib qo‘yish yoki qo‘lning qichuvini qondirish uchun yozilmagan. Ahmadjon aka imzosini arzon sotadigan ijodkor emas edi.
Sanab chiqdim. Gohida Ahmadjon G‘ulomzoda, ba’zan Ahmadi Muxtor, aksariyat hollarda Ahmadjon Muxtorov deya imzo chekkan jurnalist olti oy ichida “Urush bo‘lmaydi deb, urush bo‘ldi-ya”, “Tomdan tarasha tushgandek”, “Har kim tor doirada o‘ylamasdan, umumiy manfaatni ko‘zlasin”, “O‘n imzo ostiga imzo”, “Birovdan kam, birovdan ziyod”, Anatoliy Kovalyov bilan hamkorlikda “Mevali daraxtga tosh otadilar”, Habib Temir bilan hamkorlikda “Bahor qaytib keladi”, “U aytmagan so‘z”, “Sinsa ko‘ngil shishasi” kabi yigirmaga yaqin maqola e’lon qilgan.
Olim Toshboyev.