Aholi bandligini ta’minlashda tadbirkor o‘rni beqiyos
Prezidentimizning 2017 yil 22 dekabrda Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasidan kelib chiqib, viloyat hokimligi, prokuratura, bandlik boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi 564 korxona va tashkilot 2758 bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.

Viloyat hokimi T.Jo‘rayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili D.Qosimov va boshqalar mazkur mehnat yarmarkasi band bo‘lmagan aholini doimiy ish bilan ta’minlash hamda farovonligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda viloyatda muqaddam sudlanib, sudlanganlik holati tugallanmagan shaxslar 2 ming 239 nafarni, chet eldan qaytib kelganlar 32 ming nafarni tashkil etmoqda. 2016-2017 o‘quv yilida kasb-hunar kollejlarini bitirgan va hozir ish bilan band bo‘lmagan 7 ming 604 nafar yoshlar mavjud.
4024 nafar ishsiz fuqaro joylardagi bandlikka ko‘maklashish markazlariga ish so‘rab murojaat qilgan va ularning 1393 nafari ish bilan ta’minlangan. 2602 nafar fuqaroga ishsizlik maqomi berilgan.
– Hayotda to‘g‘ri yo‘ldan adashib, jinoyat sodir etib qo‘ygandim, – deydi Past Darg‘om tumani Besh nayman mahallasida yashovchi Ziyodulla Rahmonov. – Hozir qonunda belgilangan jazoni o‘tab bo‘ldim. Endi halol mehnat qilib, jamiyatda o‘z o‘rnimni topishga harakat qilaman. Bugungi yarmarka ushbu maqsadga erishishim uchun katta imkoniyat yaratdi. “Temirqalqon” qurilish korxonasiga ishga joylashish uchun yo‘llanma oldim.
Yarmarka doirasida viloyatning turli hududlarida yashovchi ehtiyojmand oilalarga viloyat hokimligi, kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi viloyat kengashi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan gaz plitasi va boshqa maishiy texnik vositalar sovg‘a qilindi.
– Xonadonimizda gaz plitasi yo‘qligi uchun ro‘zg‘or yumushlarida qiynalar edik, – deydi kattaqo‘rg‘onlik Nigora Ro‘ziyeva. – Endi bu muammomizga barham berildi. Yarmarkada viloyat hokimligi tomonidan oilamizga zamonaviy gaz plitasi va gaz balloni berildi. Bundan juda xursandmiz. Biz kabi ehtiyojmand oilalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan Prezidentimizdan minnatdormiz.
Tadbir doirasida viloyatdagi banklarning aholiga kredit ajratish va biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish yuzasidan taqdimotlari o‘tkazildi. 130 nafardan ortiq kasb-hunar kolleji bitiruvchilari va tadbirkorlarga banklardan jami 17 milliard 527 million so‘m imtiyozli kredit olish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi.
– Ishtixon tumanidanman, – deydi Samarqand kompyuter texnologiyalari va gidromelioratsiya kolleji o‘quvchisi Jahongir Eshnazarov. – Bu yil kollejni bitirib, tumanimiz markazida kompyuter xizmatlari bo‘yicha servis shoxobchasi ochmoqchiman. Buning uchun biznes-reja ham ishlab chiqqanman. Bugungi yarmarkada O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Samarqand filialidan 13 million so‘m imtiyozli kredit olish huquqini beruvchi sertifikat topshirishdi. Bu mablag‘ tadbirkorlik faoliyatimni yo‘lga qo‘yishim uchun katta turtki bo‘ladi.
Yarmarka davomida viloyatning turli hududlaridan kelgan 780 nafar ishsiz fuqaro o‘ziga munosib ishga joylashish uchun yo‘llanma oldi.
O‘z muxbirimiz.