Odamlar pulini asosan nimalarga sarflaydi? Daromadning tashqi va ichki omillari qaysilar?

Mamlakatimizning 80,0 mlrd. dollarlik YaIM tarkibida aholi daromadlari yildan yilga farq qiladi, ammo ulushi 25 foiz atrofida bo‘ladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, xorijdan jo‘natilgan mablag‘lar miqdori 2022 yilda 16 mlrd. dollardan ortgan. Demak, 80 milliard dollarning to‘rtdan bir hissasi hamda xorijdan jo‘natilgan mablag‘ni qo‘shsak, aholining jami yillik daromadi 36 milliard dollarni yoki aholi jon boshiga 1000 dollarni tashkil etadi.

Iqtisodiy tahlillarga ko‘ra, ularning 30 milliard dollari (80 foizdan ko‘prog‘i) oziq-ovqat mahsulotlari (umumiy ovqatlanish xizmatlari bilan birga), tamaki va alkogol, dori-darmon xaridiga sarflanadi. Qolgan qismi esa deyarli teng nisbatlarda kommunal to‘lovlar, uy-joy qurilishi, yengil avtomobillar, nooziq-ovqat mahsulotlari (kiyim-kechak, mebel, maishiy texnika, telefon va hokazo) sotib olishga, transport xizmatlaridan foydalanishga yo‘naltiriladi. 1,0 milliard dollari aloqa, tibbiyot va ta’lim xizmatlari, o‘quv kontrakt va soliq to‘lovlari guruhiga sarflanadi.

Endi e’tiboringizni ichki bozorda vujudga kelgan, oilalar byudjetida shakllangan muayyan muvozanatlikni buzilishiga olib keladigan omillarga qaratmoqchiman.

Birinchidan, 2023 yilning boshidan yoqilg‘i ta’minoti sohasida vujudga kelgan tanqislik va qahraton qish asoratlari ta’sirida transport xizmatlari, guruch, piyoz, tuxum va boshqa ayrim aholi kundalik ehtiyojlari tovarlari narxlari 15-20 foizga o‘sdi. Demak, inflyasiyani davlat dasturida ko‘zda tutilgan 9,5 foizlik darajagacha pasaytirish masalasi amrimahol bo‘lishi mumkin.

Ikkinchidan, Rossiyaning rubli sanksiyalar ta’sirida oxirgi ikki oy ichida o‘z qadrini 20 foizga yo‘qotdi. Agar shunday holat davom etsa, Rossiyada ishlayotganlar jo‘natadigan pul miqdori o‘tgan yilgiga nisbatan 2,0 mlrd. dollarga, boshqacha aytganda, ichki bozor sig‘imini xuddi shunchaga qisqartirishi mumkin. 

Uchinchidan, hukumat qarori bilan pishiq g‘isht, sement va boshqa qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarni tabiiy gaz ta’minotiga cheklovlar e’lon qilindi. Natijada bu mahsulotlar kamroq ishlab chiqarildi, tannarx oshdi. Bu esa uy-joy qurilishi va ta’mirlanishi susayishiga, soha xodimlarining soni kamayishiga olib keldi. Shusiz ham o‘tgan 2022 yilda viloyatda foydalanishga topshirilgan uy-joy maydoni 40 foizga qisqargan edi.

To‘rtinchidan, ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, energetika sohasining investitsion faoliyatidagi muammoni aholiga yetkazib beriladigan elektr va tabiiy gaz tariflarini oshirmasdan hal qilib bo‘lmaydi, shu bilan birga ularni 15-20 foizga ko‘tarish natija bermasligi ham mumkin. Tabiiy gaz chetdan sotib olingan taqdirda (uni narxi ichki bozor narxidan 2-3 baravar qimmatroq) subsidiyalash maqsadida tashqi qarz limitini muayyan darajada oshirishga to‘g‘ri keladi.

Aholi daromadlari tashqi va ichki omillar ta’sirida kamaysa, birinchi navbatda nooziq-ovqat mahsulotlari, uy-joy, ya’ni eng yuqori mehnat sig‘imiga ega bo‘lgan tovarlar sotilishi keskin tarzda qisqaradi, bu ishsizlik boshqarib bo‘lmaydigan jarayonga aylanadi, degani. Rossiya rubli qulashi davom etsa, u yerda ishlash muayyan toifadagi ishchilar uchun manfaatsiz bo‘ladi va ularning bir qismi orqaga qaytishni boshlaydi. Hozirning o‘zida ikki oy oldin 500 dollarga teng bo‘lgan rublda olinadigan ish haqi 400 dollarga aylanmoqda.

Odamlarning tashqi migratsiyadan qaytishi, xorijiy turistlar oqimining kengayishi oziq-ovqatga bo‘lgan talabni keskin oshiradi, bu esa inflyasiyani qo‘zg‘atadigan muhim omillardan biridir.

Xohlaymizmi-yo‘qmi, investitsion faoliyatdagi eng dolzarb yo‘nalish - bu mamlakatimizning gaz sanoati. Minglab issiqxonalarning, jamoat avtomobil transporti korxonalarining bankrotlikka uchramasligi, uy-joy qurilishi hajmining shakllangan darajada saqlanishi, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan choralarning natijadorligi shu sohaning yuksalishiga bog‘liq.

Quyosh batareyalari va shamol stansiyalarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasi kuz-qish mavsumida energiya resurslariga bo‘lgan talabni qondira oladimi, degan savolga ilmiy asoslangan javob topish bugunni kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Ma’lumki, tabiiy gazdan farqli o‘laroq, elektr energiyasini jamlash amaliyotidan shu paytgacha bexabarmiz. Bu borada oxirgi yillarda dunyoda hech qanday innovatsion texnologiya ishlab chiqilmagan. Shunday ekan, ushbu maqsadlarda katta mablag‘lar sarflashdan oldin, aniq hisob-kitoblar amalga oshirilishi, cheklangan moliyaviy resurslardan samarali foydalanish, ular yordamida energetika sohasida vujudga kelgan tanqislikni bartaraf eta olishga ishonch hosil qilish ham qarz, ham farzdir.

Demak, muqobil energiya ishlab chiqaruvchi uskunalar to‘g‘ri kelgan joylarda, pala-partishlik bilan emas, balki ularni o‘rnatishga ketadigan sarf-xarajatlar o‘zini qaysi hududda, qaysi biznes-loyihada oqlay olishi inobatga olinib, joylashtirilishi lozim. Shunday yo‘l tutilsa, qish mavsumida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning ehtimoli pasayadi, ularning yechimi yengillashadi, katta ehtimol bilan daromadi kamayib borayotgan oilalar uchun qish katta qiyinchiliklar tug‘dirmaydi.

Ilhom Vafoyev,

iqtisodchi.