Aksiyadorlik jamiyatlari xalqaro moliya bozorlari bilan muvofiqlashtiriladi
Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tugatilgan holda uning funksiya hamda vazifalari Moliya vazirligiga qo‘shimcha faoliyat sifatida o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2021 yil 13 apreldagi “Kapital bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan kapital bozorini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Ya’ni, bank tomonidan kreditlashga muqobil bo‘lgan moliyalashtirish mexanizmini yaratish, xalqaro moliya bozorlari bilan faol integratsiyalashuv, kapital bozori uchun soha mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish belgilandi.
Farmon talablariga asosan 2021-2023 yillarda kapital bozorini rivojlantirish uchun 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi va aksiyalari fond birjasi orqali ommaviy joylashtirilishi belgilangan korxonalar ro‘yxati tasdiqlandi.
2021 yil 29 oktyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun xujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bilan aksiyadorlik jamiyatlariga Markaziy depozitariy va (yoki) investitsiya vositachilari orqali dividendlar to‘lovini amalga oshirish huquqi berildi. Joylashtirilgan imtiyozli aksiyalarning nominal qiymati jamiyat ustav kapitalining 20 foizlik miqdori 25 foizga ko‘tarilgan holda qat’iy belgilandi. Investitsiya institutlari orqali tashkil etilgan qimmatli qog‘ozlar savdolarida aksiyalar va boshqa emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar ommaviy joylashtirilgan taqdirda ularning chiqarilishi, joylashtirish hajmidan qat’iy nazar amalga oshgan deb e’tirof etilishi ham qimmatli qog‘ozlar ishtirokchilariga bozorda qulayliklar yaratadi.
Norboy Jo‘lmatov,
Moliya vazirligining Kapital bozorini rivojlantirish departamenti viloyat hududiy vakili.