Aksiyadorlar manfaati qonuniy himoyada
Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan seminarda ana shunday fikrlar ilgari surildi.
Seminarda "Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunga kiritilgan o‘zgartishga ko‘ra, sho‘’ba va tobe xo‘jalik jamiyatlari o‘z mulkida asosiy jamiyatning ovoz beruvchi aksiyalariga ega bo‘lishga haqli emasligi bo‘yicha taqiq qo‘yildi. Aksiyadorlik jamiyatlarini korporativ boshqarishda jamiyatga qaram bo‘lmagan aksiyadorlar, shu jumladan, minoritar aksiyadorlar o‘zlarining qonuniy manfaatlarini ifodalashi muhimligi ta’kidlandi.
– Prezidentimizning joriy yil 22 yanvardagi farmoniga asosan, tadbirkorlarning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirishga ikki yil muddatga moratoriy e’lon qilingani sub’yektlar faoliyatida jadal rivojlanishga xizmat qiladi, – deydi nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish hududiy komissiyasi kotibi Lutfullo Barakayev. – Farmonga asosan, joriy yil 1 apreldan bizning vakolatimiz davlat soliq xizmati organlaridan viloyat bo‘yicha 19 ta shtat birligi prokuratura organlariga o‘tkazilgan holda tugatilmoqda. Bundan tashqari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, innovatsion markazlar, loyiha-konstruktorlik byurolari o‘zlarining yangi texnologiyalarini tadbirkorlarga sotishdan olingan daromadlari uchun 2023 yil 1 yanvargacha yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari barcha turdagi soliq va majburiy to‘lovlardan ozod qilindi.
Seminarda sohadagi o‘zgarish va yangiliklar bo‘yicha tadbirkorlarga tushuncha berildi.