Akusherlik va ginekologiya markazining mansabdorlari 15 milliarddan ortiq mablag‘larni talon-toroj qilgani aniqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Hayot Shamsutdinov Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidagi kirdikorlar fosh etilgani haqida xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, markazning mansabdor va moddiy javobgar shaxslari, “Davr bank”ning Yunusobod filiali, “Ipak yo‘li” bankining Mirzo Ulug‘bek filiali xodimlari hamda “T.S”, “S.F” MChJlari mansabdor shaxslari, “X.U” va “S.P.” xususiy korxonalari rahbarlari noqonuniy daromad orttirish maqsadida oldindan jinoiy til biriktirib, 2018 va joriy yilning o‘tgan davrida markazning jami 15,3 milliard so‘m pul mablag‘larini talon-toroj qilganliklari aniqlandi.
Hozirda Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.