Al-Naslaa jumbog‘i: cho‘l o‘rtasidagi toshni kim kesib qo‘ygan?
Bu hodisa uzoq vaqtdan beri olimlar orasida ko‘plab savollar tug‘dirib kelmoqda.
Saudiya Arabistoni cho‘llaridagi qadimgi Tayma aholi punktidan taxminan 45 kilometr uzoqlikda Yerdagi g‘aroyib qoyalardan biri turadi. Balandligi 6 metr bo‘lgan tosh o‘rtasidan kesib qo‘yilgandek turadi. Ba’zi odamlar hazillashib (ba’zida jiddiy) ulkan tosh o‘zga sayyoraliklarning qudratli lazeri yoki yaxshi rivojlangan qadimiy sivilizatsiya asbobi yordamida ikkiga bo‘lingan deb hisoblashadi.
Yillar davomida olimlarni hayratda qoldirgan sirli tosh Al-Naslaa deb ataladi. Xo‘sh, uning sirini nimada ekan?
Al Naslaa - Saudiya Arabistonining diqqatga sazovor joyi
Tosh 1883 yilda fransuz sayohatchisi Sharl Xuber ekspeditsiyasi paytida topilgan. Qattiq, ammo maydalangan qumtoshdan iborat baland toshning kengligi 9 metr, og‘irligi esa 24 tonnaga yetadi. Mukammal darajada muvozanatlangan yodgorlikning ikki qismi ham tabiiy tepaliklarda joylashgan.
Qoya yuzasida otlar, echkilar va odamlar tasvirlarini aks etgan bir nechta toshga o‘yilgan qadimgi chizmalar – petrogliflar mavjud. Garchi bu hududda bundan 6 ming yil oldin odamlar yashagan bo‘lsada, ushbu chizmalarning yoshi 4 ming yilga baholangan.
Al-Naslaa nomi arabcha so‘zdan olingan bo‘lib, uni "kesish" yoki "tig‘" deb tarjima qilish mumkin. Shundan kelib chiqib, odamlar qadim zamonlarda yodgorlikni inson qo‘li yaratgan deb hisoblashgan.
Agar toshni odamlar ikkiga bo‘lgan bo‘lsa, nima maqsadda bunday qilingani noaniq. Bir taxminda aytilishicha, u boshqa joyga tashishni osonlashtirish uchun ikkiga bo‘lingan. Ikkinchi taxmin, bu tosh qadimda madaniyat markazi hisoblanishi mumkin bo‘lgan hududda joylashgan va hech kim bilmaydigan nimagadir bag‘ishlangan yodgorlikdir.
Tabiatning ajoyib mahsuli
Al-Naslaa qoyasi tabiiy ravishda paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Masalan, zilzila natijasida - hatto kuchsiz zilzila ham zaif nuqtada yoriq paydo bo‘lishiga olib keladi. Toshlar turgan balandliklarga kelsak, ularda g‘ayrioddiy hech narsa yo‘q. Sayyoradagi ko‘plab cho‘llarda bunday shakllanishlar juda ko‘p - ular shamolning toshlarga ta’siri natijasida hosil bo‘ladi.